Rossiyalik ona va qiz Turkiyada dahshatli o‘lim topdi
3-sahifa
−
30 noyabr 2023
39048Turkiyaning Bodrum shahrida rossiyalik ayol va uning qizi o‘ldirib ketildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Hodisa qachon ro‘y bergani aniq emas, ammo so‘nggi vaqtlarda Bodrumda yashab, rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullangan 42 yoshli Irina Dvizova va uning 15 yashar qizining jasadi joriy yilning 28 noyabr kuni Ichmeler tumanidagi avtomobil yo‘li chetidagi qiyalikdan topilgan. Ayolning qarindoshlari unga qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmagach, 23 noyabr kuni uning uyiga borib, u yerda qon izlarini ko‘rishgan va politsiyaga xabar berilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari kuzatuv kamerasi tasvirlaridan foydalanib, Dvizovaning uyidan ketayotgan mashinani kuzatib borgan va 21 noyabr kuni tushdan keyin o‘tkazilgan tintuv natijasida Ichmeler tumanida yo‘l chetida choyshabga o‘ralgan va arqon bilan bog‘langan ikki jasadni topgan.
Jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgan erkak qotillikni sodir etganidan keyin Dvizovaning 5 yoshli o‘g‘li bilan Bodrumdagi mehmonxonada tunab, poytaxt Anqaraga yetib kelgan. 24 noyabr kuni poytaxt aeroportidan Fransiya orqali Litvaga uchib ketgan.
“Sabah” gazetasi, shuningdek, gumonlanuvchining Litva Qurolli kuchlarida shartnoma asosida xizmat qilgani haqida xabar berdi.
Gazeta Irina Dvizovaning jasadida uchta, qizining tanasida ikkita o‘q izi, jinoyat sodir bo‘lgan joydan esa yaroqsiz patronlar topilganini yozmoqda. Dvizovaning sobiq eri bo‘lgan gumonlanuvchi qurolni axlat qutisiga tashlagan.
Nashrga ko‘ra, marhum Dvizova va sobiq eri o‘rtasida o‘g‘liga vasiylik masalasida kelishmovchilik chiqqan. 2022 yilda Dvizovaning sobiq turmush o‘rtog‘iga nisbatan nizo doirasida hibsga olish to‘g‘risidagi ehtiyot chorasi va boshqa cheklovlar qo‘llanilgan.
Rossiyaning Antaliyadagi bosh konsulligi Turkiya politsiyasi Bodrum shahrida ikki nafar rossiyalik ayolning o‘ldirilganini tasdiqlaganini ma’lum qildi.
“Ommaviy axborot vositalarida Turkiya Respublikasining Mug‘la viloyati Bodrum shahrida ikki nafar rossiyalik ayolning o‘ldirilishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Rossiyaning Antaliyadagi Bosh konsulligi mahalliy huquq-tartibot idoralari bilan aloqa o‘rnatdi. Politsiya Rossiya fuqarolari – 1981 yilda tug‘ilgan ayol va uning 2008 yilda tug‘ilgan qizi o‘ldirilganini tasdiqladi. Holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan. Gumonlanuvchi o‘ldirilgan rossiyalik ayolning sobiq turmush o‘rtog‘i bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u yosh bolasi bilan Turkiya hududini tark etgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Bosh konsullik tegishli hujjatlarni tayyorlash va rossiyalik ayollarning jasadlarini o‘z vatanlariga qaytarishda zarur yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgan.
“Ushbu ish bo‘yicha tergovning borishi Bosh konsullikning ustuvor nazorati ostida”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi