Rossiyalik deputat Sibirni “azaliy o‘zbeklar yurti” deb atadi
Olam
−
30 may 2025 11125 2 daqiqa
Rossiyaning Xanti-Mansiysk okrugi dumasining Kommunistik partiyadan saylangan deputati Xolid Tagi-Zade Sibir o‘lkasi o‘zbeklarning tarixiy maskani ekanini aytdi. Bu haqda deputat kecha, 29 may kuni Xanti-Mansiysk muxtor okrugi parlamentining so‘nggi majlisida so‘z ochdi.
Uning ushbu bayonoti mintaqaning tub aholisi o‘rtasida tug‘ilish va o‘lim bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining Sibirga ko‘chishi sabablarini muhokama qilish jarayonida paydo bo‘lgan.
“Tarixiy Sibir xonligi. Bu yerda Ko‘chimxon hukmronlik qilgan, u esa Shayboniylar sulolasidan – ya’ni Buxoro xonligidan chiqqan o‘zbek hukmdorlaridan. Balki hozirgi migrantlar o‘z tarixiy vatanlariga qaytayotgandir?” degan deputat.
Ushbu fikrlar ayrim rus ekspertlari tomonidan xavotir bilan qabul qilingan. Ayrimlar buni “tarixiy adolatni tiklash” niqobi ostida bo‘layotgan separatistik kayfiyatlar deb baholagan.
“Agar O‘zbekistondan kelayotgan migrantlar o‘z tarixiy yerlariga qaytmoqdaman deyishsa – unda bu yerda yashayotgan mahalliy aholi kim bo‘ladi? Bu xavfli yo‘nalish. Milliy diasporalardan to hududiy da’volargacha bo‘lgan yo‘l asta-sekin bosib o‘tilmoqda”, degan rossiyalik publitsist Sergey Kolyasnikov.
Shu bilan birga, Moskvadagi taniqli piar-mutaxassis, “Sini monarxii” Telegram-kanali muallifi Roman Antonovskiy deputatning bu chiqishidan xavotir bildirgan.
“Tagi-Zade – Rossiya fuqaroligini olgan migrantlar nega ayrim huquqlarda cheklanishi kerakligining yaqqol namunasi. U nafaqat assimilyatsiyaga intilmayapti, balki Rossiya hududida begona xalq manfaatlarini ilgari surmoqda”, degan u.
Antonovskiyning fikricha, bunday shaxslar nafaqat davlat tuzilmalarida, balki umuman siyosiy faoliyatda ishtirok etmasliklari kerak. U Tagi-Zadening Rossiyadan deportatsiya qilinishi lozimligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Xolid Tagi-Zade 1978 yil 15 noyabrda Ozarbayjon SSRning Sumgait shahrida tug‘ilgan. Millati – ozarbayjon. U 2001 yilda Sibir federal universitetini “kriminalistik kimyo” ixtisosligi bo‘yicha tamomlab, kimyochi mutaxassisligiga ega bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida S.A. Reshetnyov nomidagi Sibir aero-kosmik akademiyasi harbiy fakultetida ham tahsil olgan.
U 2019 yildan 2021 yilgacha Megion shahar Dumasining oltinchi va yettinchi chaqiriqlari deputati, Megion shahar Dumasidagi Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi fraksiyasi rahbari, 2021 yildan beri esa Xanti-Mansiysk avtonom okrugi Dumasi – yettinchi chaqiriq Ugra deputati sifatida ishlab kelmoqda.
Live
Barchasi