Rossiyaga O‘zbekistondan olib borilgan gilosdan virus chiqqani aytilmoqda
Jamiyat
−
27 may 2023
11941Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek gilosidan virus topilgani va Rossiyaga O‘zbekistondan 19 tonna kasallangan gilos olib borilgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi munosabat bildirdi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, axborot manbalarida e’lon qilingan holat bo‘yicha Rossiya karantin xizmati (“Rosselxoznadzor”) tomonidan O‘zbekiston karantin xizmatiga e’tiroznoma (notifikatsiya)lar kelib tushmagan. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida “Rosselxoznadzor” federal xizmati bilan muzokaralar olib borilgan.
Rossiya tomoni ma’lum qilishicha, Omsk viloyatiga yetib borgan gilos partiyasida “sharq mevaxo‘ri” aniqlangan. Ikki tomonning kelishuviga asosan mahsulotdan namunalar olinib fitosanitariya laboratoriya tekshiruvi o‘tkazilishi, ekspertiza xulosasida “sharq mevaxo‘ri”ning lichinkalari tirik holda aniqlangan taqdirda fumigatsiya (zararsizlantirish) ishlari olib borilganidan so‘ng Federatsiya hududiga olib kirilishi belgilangan.
Eksportga yo‘naltirilgan mahsulot yetishtirilgan bog‘ni aniqlash, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Agentlik tomonidan maxsus tezkor guruh tuzilib, fitosanitar karantin nazoratini o‘tkazish belgilangan.
Ma’lumot uchun, “sharq mevaxo‘ri” O‘zbekiston, MDHning bir qator davlatlarida, jumladan, Rossiyaning ba’zi hududlarida ham cheklangan miqdorda tarqalgan. Ushbu karantin organizmi inson hayotiga xavf soladigan virus emas, o‘simliklar dunyosi uchun zararli hasharot hisoblanadi. Zararkunanda o‘simlik zararkunandasi bo‘lib, tangachaqanotlilar turkumining barg o‘rovchilar oilasiga mansub. “Sharq mevaxo‘ri” danak va urug‘ mevali daraxtlarni, yosh ko‘chatlarni, xususan, shaftoli, o‘rik, olxo‘ri, nok, olma, olcha, gilos, behi va do‘lana kabilarni zararlaydi.