Rossiyaga ketayotgan migrantlar tibbiy ma’lumotnomani O‘zbekistonda olishi mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
10094Rossiyada faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlari endilikda patent olishda talab etiladigan bir qator tibbiy tahlillar bo‘yicha ma’lumotnomani O‘zbekistonda olishlari mumkin. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbariyatidan iborat delegatsiya a’zolari Rossiyada bo‘lib turibdi.
Ular Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, pandemiya vaqtida epidemiologik vaziyatga rioya qilgan holda O‘zbekistondan fuqarolarni tashkillashtirilgan holda Rossiyaga ishga jalb qilish masalalarini muhokama qilmoqda.
Tashrif doirasida Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etilgan uchrashuvda patent olishda talab etiladigan OITS tahlili, sifilis, flyuorografiya, qon tahlili, psixotrop moddalar tahlili kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tibbiy ma’lumotnomani O‘zbekistonda olishni joriy etish yuzasidan vakolatli markazlar ochishning tashkiliy masalalari muhokama etilgan.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda ushbu jarayonlar Rossiya Federatsiyasida amalga oshiriladi. Ushbu vaqt oralig‘ida fuqaroning ishlashi mumkin emas va tabiiyki, bu jarayon mehnat migrantlaridan ortiqcha vaqt va xarajat talab etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining “Yurinvestxolding” kompaniyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Rossiya hududidagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilingan.
Rossiya Federatsiyasining 7 ta hududida O‘zbekiston fuqarolari uchun kasbiy malaka va rus tilini o‘qitish dasturini rivojlantirish hamda 2021 yilda ushbu kurslarga jalb etiladigan fuqarolar qamrovini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
LiveBarchasi