Rossiyaga qarshi sanksiyalar zarari o‘zbek so‘miga yuklanyaptimi? Markaziy bank izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi tijorat banklarida rubl birjada belgilangan narxlar bo‘yicha emas, maxsus koridor doirasida ayirboshlanishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar yukini o‘zbek so‘miga yuklash uchun qilinayotgani haqida firklar bildirildi.

O‘zbekiston Markaziy banki holatga munosabat bildirib, bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun qilinganini ta’kidladi.

“Rossiya rubli ayirboshlash kursi keskin tebranayotgan hamda birja va birjadan tashqari kurslar o‘rtasida sezilarli tafovutlar yuzaga kelayotgan paytda Rossiyadagi fuqarolarimizning o‘z mablag‘larini erkin valyutaga almashtirish jarayonida yo‘qotishlarga olib kelmoqda”, deyiladi regulyator xabarida.

Qayd etilishicha, yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan:

•    barcha tijorat banklariga Rossiya rublidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha ayirboshlash operatsiyalarini uzluksiz amalga oshirish hamda valyuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi farqni maqbul darajada saqlab turish;

•    banklarning valyuta xavf-xatarlarini minimallashtirish maqsadida Rossiya rublini sotish va sotib olish kurslarini joriy xalqaro kotirovkalarga asosan kun davomida o‘zgartirib borish yuzasidan tavsiyalar berilgan.

“Bu Rossiya Federatsiyasidagi O‘zbekiston fuqarolariga pul mablag‘larini Rossiya rublida yuborish va respublika hududida ushbu mablag‘larni ixtiyoriy valyutada qabul qilib olish imkonini beradi.

Markaziy bank mavjud vaziyatni doimiy kuzatib bormoqda va zarur hollarda aholi manfaatlarini hamda milliy valyuta va bank tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rib boradi”, deyiladi munosabatda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov tijorat banklari ayirboshlash shoxobchalari rubl sotib olishi va sotishi shart etib belgilangani haqida yozgandi.

“Rubl sotib olish va sotish kurslari shartli ma’muriy koridor doirasida amalga oshiriladi.

Kross-kurs bo‘yicha belgilanayotgan rubl kursi bozor realligini belgilamasligi va rubl yuzasidan risk haddan yuqoriligi inobatga olingan holda kengaytirilgan koridorga ruxsat etilishi borasida ma’lumot berilmagan”, degan Bakirov.

Iqtisodchiga ko‘ra, agar rubl olish va sotish bo‘yicha toraytirilgan ma’muriy koridor, masalan +/-1 foiz qo‘llaniladigan bo‘lsa, O‘zbekistonga vagonlarda rubl kiradi va O‘zbekistondan vagonlab dollar chiqib ketadi.

“Hech kim rubl olish va sotishga qarshimas, lekin bu majburiyat ham  bo‘lmasligi kerak. Mazkur jarayon ochiq bozor qoidalari, rublning konvertatsiyasi kundan kunga cheklanayogani va uning ustiga ag‘anagan tog‘dek risklarni inobatga olgan holda yuz berishi lozim”, deydi u.

Bakirovning ta’kidlashicha, ma’muriy koridor doirasida (Rubl sotib olish kursi 97 so‘m, sotish 102 so‘m) Rossiyadan rubl keltirib uni so‘mga aylantirib, keyin dollar sotib olinsa, 1 dollar 112,78 rublga tushadi.

“Solishtirish uchun, Moskva ayirboshlash shoxobchalarida 1 dollar 130-160 rubldan sotilmoqda.

Ma’muriy yo‘l bilan Moskva birjasida shakllanayotgan kurs umuman bozorni belgilamaydi. Rossiyaliklarning jamg‘argan rubllarini O‘zbekistonga keltirib dollarga aylantirib olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilish boshlandi”, degan iqtisodchi.

U rubl ayirboshlashdagi barcha jarayonlarni bozorning o‘ziga qo‘yib berish kerakligini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining “O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekistonda valyuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kassalariga AQSH dollari, ingliz funt sterlingi, Yevro, shveysariya franki, yapon iyenasi hamda tijorat banklarining ixtiyoriga ko‘ra boshqa chet el valyutalari qabul qilinishi mumkin;

Ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish operatsiyalari chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklif asosda shakllanadigan valyuta kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank

Baholaganlar

483

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing