Rossiyaga bormanglar, u yerda sizni urishadi, tepishadi, haqoratlashadi – Qudratxo‘ja
Jamiyat
−
09 iyun 43539 5 daqiqa
Yigitlar, qizlar, shu Rossiyaga bormanglar, u yerda sizlarni urishadi, tepishadi, haqoratlashadi. Rossiyada sizni qadrlashmaydi, aksincha, oyoqosti qilishadi. Vaholanki, o‘zining xalqi qilmaydigan eng og‘ir ishni sizlar qilyapsizlar, afsuski, evaziga shunday “mukofot” olyapsizlar! Bu gaplarni O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirdi.
Rektor posti ostiga shu kunlarda Moskvada migrantlarga nisbatan o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari, kuch ishlatar tuzilmalarning mehnat muhojirlariga qarshi qo‘pol xatti-harakatlari aks etgan videoni ilova qilib, aholisi yiliga qariyb 1 millionga ortayotgan O‘zbekiston ishchi kuchini boshqa mamlakatlarga yo‘naltirishga majburligi, ammo, shunday bo‘lsa-da, Rossiyaga borish o‘rniga boshqa yo‘lni tanlashni tavsiya qilgan.
“O‘zbekistonda bir yilda bir millionga yaqin odam tug‘ilyapti. Albatta, O‘zbekiston iqtisodiyotiga shuncha odamni muntazam ish bilan ta’minlash, tabiiyki, qiyin. Bunday muammo boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda ham mavjud. Ko‘p inson tug‘ilar ekan, katta miqdordagi ishchi kuchini boshqa davlatlarga eksport qilishi ham tabiiy jarayon. Lekin men yoshlarimizga aytmoqchimanki, yigitlar, qizlar, shu Rossiyaga bormanglar, u yerda sizlarni urishadi, tepishadi, haqoratlashadi. Rossiyada sizni qadrlashmaydi, aksincha, oyoqosti qilishadi. Vaholanki, o‘zining xalqi qilmaydigan eng og‘ir ishni sizlar qilyapsizlar, afsuski, evaziga shunday “mukofot” olyapsizlar!
Ukajonlar, do‘stlar, o‘qinglar, til bilinglar, yaxshi hunar o‘rganinglar, sizlarni Olmoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlar kutyapti!” deydi Qudratxo‘ja.
Uning bildirishicha, odatda, maktabda yomon o‘qigan, biron kasb-hunar o‘rganmaganlar Rossiyaga borib, eng og‘ir majburiyatlarda, eng og‘ir vazifada ishlashga tayyor bo‘ladi. Lekin buni shundoq ham o‘zining mehnat bozorida ishchi kuchi yetishmayotgan yoki urush harakatlarini olib borayotgan davlatning zodagon-amaldorlar qatlami tushunmaydi.
“Rossiya oligarxlari o‘z boyligini mamlakatdan osonlikcha olib chiqib ketayotgan bir paytda, bizning qorako‘zlar og‘ir va mashaqqatli mehnati evaziga bu pulni ishlab topishyapti. Lekin ularga buning farqi yo‘q!
Ular qo‘llayotgan haqoratli so‘zlarga e’tibor bering: “obezyana”, “s**ka”, “baran” dedi, “chern***opiy”, “churka” deyapti... Bunday haqoratlarni eshitish juda og‘ir. Juda!”, deydi u.
Qudratxo‘ja qator misollarni keltirarkan, ushbu muomala hamma migrantlarga nisbatan qo‘llanilmasligi, masalan chechen va dog‘istonliklarga bunday munosabat qilib bo‘lmasligini alohida urg‘ulagan.
“To‘g‘ri, odam hayoti aziz va biz faqat buni qorin o‘lchovi, o‘sha qora qozonimiz qaynasa bo‘ldi, deb shunday haqoratlarga chidaymiz. Biroq, bu noto‘g‘ri. 1914-1916-yillardagi ilk norozilik harakatlari natijasida ham Chor Rossiyasi tomonidan o‘zbeklar shunday tahqirlangandi!
Bugun dunyo juda tez globallashmoqda. Avvalo, men, biroz uyat bo‘lsa ham, xalqimizdan tug‘ilish sonini biroz me’yorlash zarurligini so‘ragan bo‘lardim. Buning o‘rniga farzandlarimiz ta’limi, tarbiyasi va kelajagiga ko‘proq e’tibor berishimiz kerakligini aytaman. Gap sonida emas, gap sifatida!
Bir muddat ilgari Rossiyaga borib ishlaydiganlarning ba’zilarini tanqid qilib gapirganimda, meni o‘zimga qayta toshlar otilgandi. Buni o‘zimizdan chiqqan bir ikki oqpadar haromilar va vatanfurushlar tashkil qilishdi, “mayli” deb chidadim tishimni tishimga qo‘yib. Vaholanki, o‘shanda men o‘zbeklarimiz azobiga ich-ichimdan kuyunganimdan, achinganimdan gapirgandim. Shunday o‘g‘lonlarimiz o‘zga yurtda, o‘zga millat qo‘lida xor bo‘lsa-yu, biz hech nima qilolmasak... Attang. Ular shu o‘lkalarga bormasinlar, o‘zimizning quyoshli, mehmondo‘st, bag‘rikeng yurtimizda ko‘krak kerib yurishsa bo‘lmasmidi?” deydi rektor.
Qudratxo‘janing aytishicha, hozir qishloq xo‘jaligi ishlari va boshqa og‘ir yumushlarni bajarish uchun O‘zbekistonga Hindistondan, Bangladeshdan ishchi kuchi kelyapti. Chunki o‘zbekistonlik erkaklarning o‘zi bu ishlarni qilishni xohlamayapti, hatto, besh-olti million so‘mlik maosh evaziga ham!
“Bu gaplarim faqat o‘zbeklarga emas, balki qozoq, qirg‘iz, tojik birodarlarimizga ham tegishli. Urussiya kuch ishlatar tizimi xodimlarining o‘zini bunday vahshiylarcha tutishi menga aniq: ularni harbiy majburiyat sifatida “maxsus harbiy operatsiya”ga jalb qilish kuchaygan, urushga borishni istamaganlar ishni tashlab ketishyapti, shu fonda ular mehnat migrantlariga osilishyapti. Urussiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan da’vogarlarga talab bitta – imperiya trikolor ikki boshli burgut bayrog‘i uchun jon bermoqdir. Aynan shuning uchun ular darg‘azablar!” deydi u.
Rektor so‘zida davom etarkan, Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabada ham o‘zbeklarning salmoqli hissasi borligi, o‘zbek paxtasi, o‘zbek noni, o‘zbek oltini va urani butun SSSRni boqqani, o‘zbeklar 14 millat bolasiga bag‘rini ochgani va ularning aksariyati ruslar ekanini eslatgan.
Bugungi Rossiya esa “natsizm” bahonasida Ukrainaga urush ochgan, ammo Rossiya zobitlarining qilayotgan ishlari natsizm va shovinizmdan boshqa narsa emas.
Ma’lumot uchun, Tashqi mehnat migratsiya agentligining joriy yil boshida bergan ma’lumotlariga ishonilsa, 1,3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijda mehnat migranti maqomini olgan va ularning 600 mingdan ortig‘i Rossiyada. Biroq norasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonning ro‘zg‘or dardida xorijga chiqib ketgan fuqarolari 3 milliondan ortiqligi, Rossiyada esa 1,5 milliondan ko‘p o‘zbekistonlik ishlayotgani keltirilgan.
Rossiyada esa oxirgi yillarda mehnat muhojirlariga, ayniqsa, Markaziy Osiyodan kelgan migrantlarga nisbatan qo‘pol munosabat urchib bormoqda. Mamlakatda migrantlarga nisbatan cheklovlar ham kundan-kunga ko‘paymoqda. Xususan, joriy yilning 30 iyun kunidan boshlab Rossiya bilan vizasiz rejimda bo‘lgan mamlakat fuqarolari Rossiyaga kirishidan oldin elektron ariza qoldirishi shart etib belgilandi. Buni amalga oshirmaganlar mamlakat hududiga kirolmaydi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr