Rossiyadan javob zarbasi: Ukrainaning muhim ob’ektlari nishonga olindi

Olam

image

Rossiya harbiylari bugun, 28 avgust kuni Ukraina hududidagi bir qator ob’ektlarga zarba berdi. Hujumlar oqibatida Zaporoje shahridagi “Epitsentr” savdo markazida yong‘in chiqdi, Sumi va Kiyev viloyatidagi “Novaya pochta” logistika markazlari zararlandi. Bu haqda Zaporoje viloyati rahbari Ivan Fedorov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hujum oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan. Fedorov hujumdan so‘ng yonayotgan savdo markazining foto va videolarini ham e’lon qilgan. Shuningdek, Rossiyaning ommaviy hujumi oqibatida Ukrainaning Sumi va Kiyev viloyatlaridagi “Novaya pochta” kompaniyasiga tegishli saralash markazlari vayron qilingan. Bu haqda kompaniyaning o‘zi xabar bergan.

Ma’lum qilinishicha, Sumi shahrida Rossiya harbiylari omborga aviabombalar bilan zarba bergan. Kiyev yaqinidagi saralash markazi esa Rossiya droni hujumiga uchragan. Kompaniya xodimlari orasida jabrlanganlar yo‘q.

Kiyev viloyati mahalliy hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, “Novaya pochta” omboridan tashqari, ishlab chiqarish ob’ekti ham Rossiya zarbasiga uchragan. Mazkur ob’ektning aynan nima ekani ochiqlanmagan. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan.

Bundan tashqari, kecha, 27 avgust kuni kechqurun Rossiya dronlari Xarkov viloyatining Zmiyov shahriga ham zarba bergan. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lum qilgan.

Xabarga ko‘ra, zarbalardan biri aholi yashash hududiga kelib tushgan. Odamlar bo‘lgan ikkita xususiy uyda yong‘in chiqqan. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, ikki kishi, jumladan, bir bola jarohatlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa tunda Rossiya harbiylari Ukraina hududidagi logistika markazlari va dengiz portlariga zarba berganini bildirgan. Vazirlik bu ob’ektlardan “Ukraina Qurolli kuchlari manfaatlari yo‘lida” foydalanilganini ta’kidlagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar nishonlari qatorida Kiyev viloyatidagi qanotli Flamingo raketalari saqlangani aytilgan ombor ham bo‘lgan. Shuningdek, Odessa portidagi “harbiy maqsadlardagi mol-mulk” saqlanadigan omborlarga ham zarba berilgani aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Orenburg va Ufa shaharlaridagi Ozon kompaniyasining logistika ob’ektlari kecha, 27 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari hujumiga uchragan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing