Rossiyadan chiqarib yuborilgan migrantlarning qayerda ekani yaqinlariga aytiladi
Olam
−
10 dekabr
10379Rossiyada deportatsiyadan oldin maxsus muassasalarga joylashtirilgan muhojirlarning qarindoshlari ularning qayerda ekani haqida xabardor qilinadi. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar portalida tegishli hukumat qarori e’lon qilindi.
Migrantning turgan joyi to‘g‘risida uning ish yoki o‘qish joyidagi ma’muriyatga, shuningdek, u bo‘lgan davlatning himoyachisiga, diplomatik vakolatxonasiga yoki konsullik muassasasiga ham xabar berilishi mumkin. Chet el fuqarosining joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qarindoshlariga topshirish uchun maxsus muassasa rahbari va uning o‘rinbosariga so‘rov yuborilishi kerak.
Hujjatdan ko‘rinib turibdiki, agar chet el fuqarosi Rossiyada joylashgan bolaning yoki muomalaga layoqatsiz shaxsning yagona qonuniy vakili bo‘lsa, Ichki ishlar vazirligi vasiylik va homiylik organlarini migrantning turgan joyi to‘g‘risida xabardor qiladi. Agar maxsus muassasaga joylashtirilgan chet el fuqarosi voyaga yetmagan bo‘lsa, uning mavjudligi to‘g‘risida ota-onasi yoki qonuniy vakillari xabardor qilinishi kerak.
Hukumatning tegishli qarori 2025 yil 5 fevraldan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati Davlat Dumasiga migratsiya sohasida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etganlik, shu jumladan migratsiya organlarida soxta ro‘yxatga olish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, mamlakat Prezidenti Vladimir Putin Rossiyadagi migratsiya bilan bog‘liq vaziyatga izoh bergandi.
LiveBarchasi