Rossiyadan 7 mingga yaqin xorijlik deportatsiya qilindi
Olam
−
12 iyul 2023 13209 1 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari “Noqonuniy-2023” tezkor-profilaktik operatsiyasining birinchi bosqichida xorijliklarni Rossiyadan ma’muriy chiqarib yuborish va deportatsiya qilish bo‘yicha yetti mingga yaqin qaror qabul qildi. Bu haqda TASS agentligiga mamlakat Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.
“Xorijiy fuqarolarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi chegaralaridan ma’muriy chiqarib yuborish va deportatsiya qilish to‘g‘risida yetti mingga yaqin qaror qabul qilindi. Noqonuniy migratsiyani tashkil etish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish holatlari bo‘yicha 2 mingdan ortiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deydi Irina Volk.
Uning qo‘shimcha qilishicha, operatsiya davomida Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan 45 mingga yaqin migratsiya qonunchiligi buzilishi aniqlangan. Shu jumladan, 33 mingdan ortiq xorijiy fuqarolarning Rossiya hududiga kirish, chiqish, tranzit o‘tish va bo‘lish qoidalarini buzish holatlari kuzatilgan.
Bundan tashqari, operatsiya ishtirokchilari tomonidan xorijliklar tomonidan 12 mingdan ortiq mehnat faoliyati buzilishi holatlari hujjatlashtirilgan, federal va xalqaro qidiruvda bo‘lgan 273 nafar shaxs aniqlangan.
Qayd etilishicha, “Noqonuniy-2023” operatsiyasining asosiy maqsadi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar hududida migratsiya vaziyatini barqarorlashtirishdan iborat. Amaliyot davomida noqonuniy migratsiya kanallari va u bilan bog‘liq boshqa noqonuniy xatti-harakatlar aniqlanadi.