Rossiyadan 20 ming migrant haydab chiqariladi
Olam
−
08 noyabr
15563“Nelegal-2024” operatsiyasi doirasida Rossiyadan 20 ming chet ellik haydab chiqariladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi vakili Irina Volk xabar berdi.
“Nelegal-2024 operatsiyasi doirasida migratsiya qonunchiligining 106 mingdan ortiq buzilishi aniqlandi, ma’muriy chiqarib yuborish va deportatsiya qilish to‘g‘risida 20 ming qaror qabul qilindi”, deydi u.
Volkka ko‘ra, operatsiya davomida politsiya va davlat xavfsizlik idoralari noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog‘liq to‘rt mingdan ortiq jinoiy ishlarni qo‘zg‘atgan. Yana 684 ta ish davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq.
Ma’lumot uchun, “Nelegal” bu har yili Rossiya Ichki ishlar vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati va Rosfinmonitoring tomonidan jamoaviy xavfsizlik shartnomasi tashkiloti bilan amalga oshiriladigan operatsiya. Uning maqsadi noqonuniy migratsiyaga, shu jumladan ushbu sohada faoliyat yuritayotgan uyushgan guruhlar va xalqaro va mintaqalararo jinoiy jamoalarga qarshi kurashishdir.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya migratsiya nazorati uchun Qirg‘iziston IIVni jalb qilgandi. Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi narkotik jinoyatlariga qarshi kurashga e’tibor qaratishini, respublika fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga ko‘maklashishini, shuningdek, mehnat migrantlariga Rossiyaning yangi migratsiya qonunchiligiga rioya qilishda yordam berishini ma’lum qilgandi.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi