Rossiyadan 15 ming muhojir deport qilindi
Olam
−
10 noyabr 2023
15949Rossiyada o‘tkazilgan “Nolegal 2023” operatsiyasi davomida mamlakatdan 15 mingga yaqin xorijlik deportatsiya qilindi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.
Uning aytishicha, “Nolegal 2023” operatsiyasi ikki bosqichda o‘tkazilgan: 19-25 iyun va 2-8 oktyabr. Unda IIV, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati va Rosfinmonitoring xodimlari Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXSHT) a’zo davlatlardan borgan hamkasblari bilan birgalikda ishtirok etgan.
“Xorijiy fuqarolarga nisbatan mamlakatimizdan ma’muriy chiqarib yuborish yoki deportatsiya qilish to‘g‘risida 15 mingga yaqin qaror qabul qilindi. 447 nafar federal va xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslar aniqlandi”, deydi Volk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida migratsiya qonunchiligining 96 mingga yaqin buzilishi aniqlangan. Shuningdek, Rossiyaga kirish, chiqish va bo‘lish qoidalarini buzishning 73 mingdan ortiq, bundan tashqari, mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijliklar tomonidan 22 mingdan ortiq huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Volkning ta’kidlashicha, oqibatda 3,6 mingga yaqin jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bosh boshqarmasi noqonuniy migrantlarning mamlakatda avtomashinalarini ro‘yxatdan o‘tkazishi, bank hisob raqamlari ochishi va turmush qurishini taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlagani aytilgandi. Shuningdek, Rossiyaning Ural federal okrugida majburiy mehnatga jalb etilgan o‘zbekistonliklar mamlakatga qaytarilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi