Rossiyadagi bozor omborida yirik yong‘in sodir bo‘ldi (foto, video)
Olam
−
13 yanvar
7991Rossiyaning Shushari tumanida joylashgan Wildberries bozorining ombori tongdan buyon yonmoqda. Bu haqda RBC xabar berdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, tonggi soat 8:01 da yong‘in ikkinchi darajagacha kuchaygan va uning maydoni ming kv.m.ni tashkil etgan. Ammo 9:02 da yong‘in to‘rtinchi darajaga chiqqan. Soat 11:00 lar atrofida omborning 50 ming kv.m. maydoni, soat 13:00 lar holatiga ko‘ra esa 70 ming kv.m hudud olov bilan qoplangan. Omborning umumiy maydoni esa 100 ming kv.m.dan ortiq.
Bildirilishicha, 10 yanvar kuni ombor yonida migrantlar o‘rtasida mushtlashuv sodir bo‘lgan. FVV katta yong‘inga qasddan o‘t qo‘yish sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda. Ushbu janjalda Wildberries kompaniyasi xodimi bo‘lgan Ozarbayjonning 33 yoshli fuqarosi pichoqlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, Tojikistonning 35 yoshli ishsiz fuqarosi ham jarohat olgan. Unga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Shundan so‘ng, xavfsizlik kuchlari ikki kun ketma-ket omborga reyd o‘tkazgan. Politsiya xodimlari va Rossiya gvardiyasi xodimlari ishchilarning hujjatlarini tekshirishni boshlab yubordi.
Yong‘in boshlangan vaqtda Wildberries omborida mingga yaqin odam bo‘lgan. Ular binodan evakuatsiya qilingan. Voqea joyiga 25 ta texnika va 112 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan. Hozircha jarohat olganlar va halok bo‘lganlar yo‘qligi ma’lum qilingan. Yong‘in o‘chirilib, ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng, yakuniy xulosalar chiqarilishi aytilgan. Mahalliy nashrlarning qayd etishicha, hozirda prokuratura yong‘in yuzasidan tekshiruvni boshlagan.
Kompaniya allaqachon sotuvchilarga yong‘in natijasida vayron bo‘lgan tovarlar uchun yo‘qotishlarni qoplashni va xaridorlarga pulni qaytarishni va’da qildi. Hozircha ushbu yong‘indan ko‘rilgan zarar 10-11 milliard rubl (AQSH dollari) miqdorida baholanmoqda.
“Yong‘in hali o‘chirilmagani sababli yetkazilgan zararni baholash qiyin. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘indan ko‘rilgan moddiy zarar 10 milliard rubldan oshishi mumkin. Biz omborning o‘zi va uning tarkibini sug‘urtalash haqida gapiramiz. Sug‘urtalovchilardan qo‘shimcha ma’lumotlar olishimiz bilan bu raqamlar o‘zgarishi mumkin”, deydi Butunrossiya sug‘urtachilar ittifoqi vakili.
LiveBarchasi