Rossiyadagi maktablarda hijob kiyish taqiqlandi
Olam
−
28 Oktabr
3853Rossiyaning Vladimir viloyatidagi maktablarda o‘quvchilarning diniy mansubligini ko‘rsatuvchi kiyim, jumladan, hijob va niqob kiyish taqiqlandi. Bu haqda viloyat Ta’lim va yoshlar siyosati vazirligi joriy yilning 22 oktyabr kuni qaror chiqargan.
Qaror Svetlana Boltunova – o‘lkaning Ta’lim va yoshlar siyosati vaziri tomonidan imzolangan. Vazirlik o‘zining V Kontakte ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida diniy kiyimdagi taqiq Rossiyaning “cherkov davlatdan, jumladan, dunyoviy ta’lim sohasidan ajratilgan” dunyoviy mamlakat ekanligi bilan bog‘liqligini qayd etgan. Vazirlik, shuningdek, qaror “Vijdon erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida”gi qonun hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga to‘liq mos kelishini bildirgan.
“Bu taqiq o‘quvchining diniy mansubligini ko‘rsatadigan har qanday kiyimga taalluqlidir, shuning uchun normalar ma’lum bir konfessiya izdoshlarining diniy kiyimlariga qaratilgan emas”, degan “Propozitum” yuridik idorasining katta huquqshunosi Pavel Grigorev.
“Yulduzcha” yuridik idorasining boshqaruvchi hamkori Vladimir Xantimirov taqiq aniq dinlardan biriga taalluqli bo‘lgan atributlarga, shu jumladan kiyim ustidagi pravoslav xochlariga ham ta’sir qilishi mumkinligini aytgan.
Unga ko‘ra, ushbu qoidalarga amal qilishga tayyor bo‘lmaganlardan masofaviy ta’limga o‘tish so‘ralishi mumkin.
2024 yilning may oyi oxirida Davlat Dumasi spikeri o‘rinbosari Vladislav Davankov quyi palataga ko‘rib chiqish uchun Rossiya viloyatlariga maktablarda yuzni berkituvchi kiyim kiyishni taqiqlash imkonini beruvchi qonun loyihasini taqdim etgandi. Bu taklif Checheniston hukumati vakillari tomonidan tanqid qilindi. Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanovning aytishicha, respublika rasmiylari yuzni berkituvchi niqob kiyishni ma’qullamaydi, negaki boshini hijob bilan o‘rash “musulmon ayolning diniy burchi”dir. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ham taqiqga qarshi chiqqandi.
Hukumat Davankovning qonun loyihasiga bergan javobida “diniy kiyim” va “diniy atributlar yoki diniy ramzlar tushirilgan kiyim” tushunchalari qonun hujjatlarida belgilanmaganligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Rossiyada ta’lim to‘g‘risidagi qonun allaqachon davlat va shahar maktablari mintaqaviy hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlangan standart talablarga muvofiq o‘quvchilar kiyimiga bo‘lgan talablarni belgilaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dog‘iston muftiyati respublikada tahdidlar bartaraf etilguniga va yangi diniy xulosa chiqarilgunga qadar niqob kiyishni vaqtinchalik taqiqlaganini e’lon qilgandi. Niqob kiyishni taqiqlash masalasi joriy yilning 23 iyun kuni Maxachqal’a va Darbandda qurolli odamlar tomonidan otishma boshlanganidan keyin yuzaga kelgan. O‘shanda jangarilar orasida amaldorning o‘g‘illari ham bo‘lgan. Dog‘iston rahbari Sergey Melikov ham niqob kiyishga qarshi chiqib, bu kiyim Kavkaz xalqlariga xos emasligini aytgan.
Germaniyada esa avtomobillarni niqob kiygan holda boshqarish taqiqlangandi. Koblens shahar Oliy ma’muriy sudi rahbariyati avtomobil haydash paytida niqob kiyish barcha yo‘l harakati qatnashchilarining xavfsizligiga tahdid solishini bildirgan.