Rossiyada YouTube’ni mustaqil ravishda tezlashtirish taqiqlandi
Olam
−
29 avgust
2788Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarni nazorat qilish federal xizmati (Roskomnadzor)ning Bosh radiochastota markazi (GRFC) provayderlarga Amerika videoxostingi YouTube tezligini to‘xtatishni buyurdi. Buyruq xati nusxasi “SOTAvision” Telegram-kanalida e’lon qilindi.
Unda aytilishicha, ular bloklangan va sekinlashtirilgan saytlarga "tezda kirish cheklovlari"ni ta’minlash uchun “firibgarlik texnologiyalari"dan foydalanishni to‘xtatishlari kerak. Shuningdek, operatorlar ko‘rilgan choralar to‘g‘risida hisobot berishlari shart.
Qayd etilishicha, 28 avgust kuni rossiyalik provayderlar foydalanuvchilarning katta yo‘qotilishi fonida YouTube'ni mustaqil ravishda tezlashtirishni boshlagan. Kompaniyalar regulyatorlardan mamlakatda xizmat ko‘rsatishning sekinlashuvi sabablari bo‘yicha rasmiy tushuntirishlar olmagan. Yuristlarga ko‘ra, YouTube Roskomnadzorning taqiqlangan resurslari yagona reyestriga kiritilmagan, shuning uchun sekinlashuvni chetlab o‘tish orqali operatorlar hech qanday qonunni buzmaydi.
Nashrga ko‘ra, ilgari 135 dan ortiq mintaqaviy provayderlar YouTube bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritish iltimosi bilan Raqamli rivojlanish vazirligi va Roskomnadzorga murojaat qilgan. Videoxosting xizmati iyul oyining oxirida sekinlasha boshlagan. Bu holat sodir bo‘lishining turli sabablari ko‘rsatilgan. Roskomnadzor bunga Google korporatsiyasining rus serverlari eskirganligini da’vo qilgan. Biroq, kompaniya texnik nosozliklar mavjudligini rad etdi.
O‘z navbatida, Davlat Dumasining Axborot siyosati qo‘mitasi rahbari Aleksandr Xinshteyn YouTube'ning sekinlashishi rasmiylarning ishi ekanligini tan oldi. Ammo bu qarorni "Rossiya qonunchiligining buzilishi"ga javoban "majburiy qadam" deb atadi.
Ma’lumot uchun, 3 avgustga kelib, YouTube Rossiyadagi noutbuklar va shaxsiy kompyuterlarda to‘liq ishlashni to‘xtatdi. Ko‘p o‘tmay, foydalanuvchilar mobil ilova yordamida video tomosha qilishda qiyinchiliklarga duch kela boshladi. Undan oldin Rossiyada YouTube'ning o‘rtacha kunlik foydalanuvchisi 55,4 million kishini tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada YouTube tezligi 70 foizga sekinlashishi mumkinligi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi