Rossiyada o‘zbekistonlik terroristik tashkilot tuzishda ayblanib, umrbodga qamaldi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk shahridagi Birinchi Sharqiy okrug harbiy sudi o‘zbekistonlik U.O.ni “Al-Qoida” yacheykasi bo‘lgan “Sodiqlar” tashkilotini tashkil etishda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.

Qayd etilishicha, U.O. noqonuniy qurolli guruh tashkil etish hamda terrorchilik tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish va unda ishtirok etish moddalari bo‘yicha sudlangan.

Shuningdek, ushbu ish bo‘yicha Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida tug‘ilgan fuqarolar Q.U. va Sh.M. sudlanuvchi sifatida ishtirok etgan. Sud ularni “Sodiqlar”da qatnashgani uchun sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Biroq, ular o‘z aybiga iqror bo‘lmagan.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, 2012 yilda o‘zbekistonlik U.O. Novosibirskdagi kvartirasi va kafeda yashirin uchrashuvlar o‘tkazgan. Uchrashuv ishtirokchilari telefonlari doimiy o‘chiq bo‘lgan. 

Yacheyka rahbari tinglovchilarni “Al-Qoida”ning Rossiyadagi vakili ekani va tashkilotga yangi a’zolarni jalb qilishi lozimligiga ishontirgan. U.O. “Al-Qoida” a’zolarini “adolat va islom erkinligi o‘rnatish uchun kurashchilar” deb atagan hamda ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yacheyka tashkilotchisi “musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda musulmonlarga talon-toroj qilishga, kerak bo‘lsa, odamlarni o‘ldirishga ruxsat berilgan”ini da’vo qilgan. Shuningdek, musulmonlar har qanday joyda o‘zini portlatib yuborishga tayyor bo‘lishi kerakligini aytgan.

U.O. 2007 yilda Chita shahrida Umar Hasanov sifatida Rossiya fuqaroligini olgan. U Moskva va Moskva viloyatida 17 ta qotillikda ayblangan “GTA to‘dasi” a’zosi bo‘lgan. 2018 yilda oltita qotillikka aloqadorligi uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. 2006-2007 yillarda O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada taqiqlangan “Turkiston islom partiyasi” safida qatnashgani uchun qidiruvda bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya

Baholaganlar

359

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing