Rossiyada o‘zbekistonlik talabalar yotoqxonalardan chiqarib yuborilyaptimi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonlik talabalarning Rossiyada yashashi va mamlakat hududida bo‘lishi bo‘yicha hech qanday taqiq yoki cheklovlar mavjud emas. Shuningdek, ularning yotoqxonalardan chiqarib yuborilayotgani haqidagi ma’lumotlar ham haqiqatga zid. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda. 

“Rossiya oliy ta’lim muassasalarida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida o‘zbekistonlik talabalarni yotoqxonalardan chiqarib yuborilayotgani to‘g‘risidagi Ba’zi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 2020 yil 16 mart kuni tarqalgan ma’lumotlar bo‘yicha Elchixona quyidagilarni ma’lum qiladi. 
 
Diplomatik vakolatxona ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi rasmiy organlari tomonidan mamlakat oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarga nisbatan ularning yashashi va/yoki mamlakat hududida bo‘lishini cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilinmagan. Ta’lim muassasalari rektorlariga Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligidan o‘zbekistonlik talabalarni yotoqxonalardan chiqarib yuborishni nazarda tutuvchi tavsiyalar yoki ko‘rsatmalar berilmagan. 

Elchixona vatandoshlarimizdan vahimaga berilmasdan xotirjamlikni saqlash, Rossiya Hukumatining COVID-2019 koronavirusi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalarini bajarish, yashash joylarini tark etmaslik va oliy o‘quv yurtlari rahbariyati belgilab bergan shaklda ta’limni davom ettirishini so‘raydi”, deyiladi xabarda.  

Joriy yilning 16 mart kuni davlat xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, Rossiya Hukumati 2020 yil 18 martdan 1 mayga qadar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasiga kirishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Ushbu cheklovlar Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, xalqaro avtomobil transporti vositalari haydovchilari, havo, daryo va dengiz kemalari ekipajlari xodimlari, xalqaro temir yo‘l aloqasining poyezd va lokomotiv brigadalari, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va diplomatik, xizmat vizalari, yaqin qarindoshi vafot etganligi tufayli berilgan vizalarga ega shaxslar, Rossiya Federatsiyasi hududida doimiy yashovchi shaxslar, shuningdek, havo o‘tish punktlari orqali tranzit bilan o‘tadigan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Elchixona fuqarolarga Rossiya Hukumatining yuqorida qayd etilgan qarorini inobatga olishni qat’iy tavsiya qilmoqda va Rossiya hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda O‘zbekistonning Moskva shahridagi va Rossiya hududlaridagi diplomatik vakolatxonalariga (manzillar va aloqa uchun ma’lumotlar havolada joylashtirilgan) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi

Operativ shtab telefonlari: +998 71 233 28 28, +998 97 136 51 51 (mobil)
Call cyenter – 1164
Telegram: +99897 136 51 51 
TIV elektron pochtasi: [email protected]


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Rossiya koronavirus

Baholaganlar

88

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing