Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash xizmati ishga tushirildi
Olam
−
30 aprel 2020
14875Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi xizmat tomonidan ishlash uchun murojaat qilgan 400 nafarga yaqin fuqarodan 80 nafari ish bilan ta’minlandi.
Ushbu markaz O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatish xalqaro assotsiatsiyasi (Rossiya) hamkorligida tashkil etilgan edi. Xizmat joriy yil aprel oyi boshida sinov rejimida ish boshlab, 20 apreldan to‘liq ishga tushdi.
“Salohiyatli ish beruvchilar va ishlash istagidagi xorijiy fuqarolar o‘rtasida aloqani ta’minlash uchun ko‘p tilli koll-sentr va tegishli ma’lumot kanallari yaratildi. Kanallarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar joylashtirilmoqda, koll-sentr savollarga javob beradi va ishga joylashish uchun arizalarni qabul qiladi”, deyiladi Migratsiya agentligi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotda.
Ma’lumot o‘rnida, koronavirus tufayli 2020 yil 18 apreldan boshlab Rossiyadagi mehnat migrantlarining huquqlari kengaytirilgan: 2020 yil 15 iyungacha fuqaroligi, vizasi, ishlash uchun ruxsatnoma va patenti yo‘q shaxslar ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar Rossiya Federatsiyasining istalgan joyida ishlashi mumkin.
Biroq, ushbu choralarga qaramay, rossiyalik ish beruvchilar iqtisodiyotning pasayishi va patentsiz ishchilar sababli ma’muriy jarimalar to‘lashning oldini olish uchun, chet el fuqarolarini ishga olishga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Ishchi migrantlar ham ishonchsiz ish beruvchilar tomonidan aldanib qolish ehtimolidan xavotirda.
Ta’kidlanishicha, 2020 yilning 15 mart kunigacha Rossiya Federatsiyasi migratsiya qonunlariga rioya qilgan va mamlakatda qonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari ushbu xizmatdan foydalangan holda ish bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega.
Hozirgi bosqichda axborot resurslarida asosan qadoqlash (fasovik), yuklarni joylashtirish (komplektovik) va qishloq xo‘jaligi sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxati taqdim etilgan. Tekshirilgan bo‘sh ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borilmoqda.
“Barcha savollar va takliflar uchun “Koll-markaz”ning + 7 (499) 430 00 87 raqamlariga va Telegram’dagi @Ish_bor_Rossiya_bot botiga murojaat qilish mumkin”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi