Lavrov Ukrainaga kim xavfsizlik kafolati berishi kerakligini aytdi
Olam
−
20 avgust 2025 15331 2 daqiqa
Rossiya Ukrainaga beriladigan xavfsizlik kafolatlari Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya ishtirokida teng asosda ta’minlanishiga qarshi emas. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 20 avgust kuni Moskvada Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadi bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya jamoaviy xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqmoqchiligi haqidagi xabarlarga kelsak, biz bu kafolatlar chinakam ishonchli bo‘lishi tarafdorimiz”, degan Tashqi ishlar vaziri.
Uning eslatishicha, 2022 yilning aprelida Istanbuldagi muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari (Rossiya, Xitoy, Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya) tomonidan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqish bandini tinchlik kelishuvida mustahkamlashni taklif qilgan.
“Bundan tashqari, ayrim davlatlar ham tilga olingan edi. Germaniya, Turkiya va boshqa mamlakatlar bu kafolatchilar guruhiga qo‘shilishdan manfaatdor bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Rossiya tomoni o‘shanda bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan edi”, deya qo‘shimcha qilgan Lavrov.
Shuningdek, u xavfsizlik kafolatlari Rossiya bilan hal qilinishi kerakligini aytgan.
“Hozir xavfsizlik va jamoaviy xavfsizlik masalalarini Rossiyasiz hal qilishni taklif qilinayotganiga biz rozi bo‘la olmaymiz. Bu imkonsiz. Biz bir necha bor tushuntirdik – Rossiya o‘z manfaatlarini oshirib yubormaydi, lekin qonuniy manfaatlarimizni qat’iy va keskin himoya qilamiz”, degan Rossiya Tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Yevropa mamlakatlari Ukrainaga “tinchlikparvar kuchlar” va quruqlikdagi operatsiyalar orqali yordam berishi kerakligini aytgandi. Makronga ko‘ra, tinchlikni ta’minlash uchun kuchli Ukraina armiyasi zarur bo‘ladi va Ukrainaga quruqlikdagi operatsiyalar bilan yordam ko‘rsatish shart. U, shuningdek, Ukrainaga ittifoqchilari tomonidan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan tinchlikparvarlik missiyalariga ehtiyoj tug‘ilishini ta’kidlagan.
Live
Barchasi