Rossiyada tojikistonlik talabalar OMON tomonidan do‘pposlandi. Dushanbe xavotirda

Olam

image

Rossiyaning Dushanbedagi elchisi Semyon Grigorev Rossiyada ko‘plab tojikistonliklarning hibsga olingani haqidagi ma’lumot tufayli Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda kecha, 24 may kuni Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Aytilishicha, rasmiy Dushanbe Tojikiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida turli bahonalar bilan hibsga olinayotganidan xavotir bildirgan.

“Mavjud va yuzaga kelayotgan migratsiya muammolariga birgalikda javob berish zarurligi, shuningdek, migratsiya masalalari bo‘yicha mumkin bo‘lgan qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqishda kelishilgan harakatlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi”, deyiladi TIV xabarida.

Rossiya elchisi bilan TIVda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 19 may kuni ertalab Xabarovsk o‘lkasidagi Komsomolsk-Amure davlat universitetining 3-sonli yotoqxonasida sodir bo‘lgan voqea atroflicha muhokama qilingan. Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni ushbu universitetda tahsil olayotgan yuzdan ortiq tojikistonlik talaba Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan so‘roqqa tutilgan va ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lingan.

Vazirlik bunday voqealar Tojikiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga to‘g‘ri kelmasligi hamda tomonlarning ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidlagan.

Qayd etish joizki, 23 may kuni Tojikistondagi Inson huquqlari bo‘yicha ombudsman Umid Bobozoda Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkovaga universitetdagi voqea holatlarini aniqlash va uni xolisona tergov qilishga yordam berishni so‘rab murojaat yo‘llagan.

“OAV va ijtimoiy tarmoqlardan olingan ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, 19 may kuni erta tongda OMON xodimlari Fedaral xavfsizlik xizmati bilan birgalikda talabalar istiqomat qilayotgan yotoqxonaga kelib, kuzatuv kameralarini o‘chirib, hech qanday noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymagan talabalarni qattiq kaltaklagan. Ularning hujjatlari va telefonlari musodara qilingan. Og‘ir kaltaklash oqibatida bir necha tojikistonlik talaba jiddiy jarohat oldi, ular jarrohlik amaliyotiga muhtoj”, deyiladi Tojikiston ombudsmani bayonotida.

Voqea haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lgach, universitet ma’muriyati talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda rektor Eduard Dmitriyev tojikistonlik talabalar va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasidagi mojaroni tasdiqlagan. Shu bilan birga, u ommaviy kaltaklash bo‘lmagani, migratsiya xizmatining tekshiruvi terrorizmni moliyalashtirganlikda ayblanib qo‘lga olingan talabaning hibsga olinishi bilan bog‘liqligini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya tojikistonlik talabalar OMON

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing