Rossiyada tojikistonlik erkak 4 bolasini o‘ldirdi (video)
Olam
−
28 dekabr
9765Bugun, 28 dekabr kuni Rossiyaning Tver viloyatidagi “Mejurka” bog‘dorchilik uyushmasida joylashgan uydan to‘rt nafar bolaning zo‘ravonlik alomatlari bilan o‘ldirilgan jasadlari topildi. Hodisada bosh gumondor sifatida bolalarning otasi ko‘rilmoqda. Bu haqda viloyat bo‘yicha Tergov qo‘mitasiga tayanib, “Izvestiya” xabar berdi.
Fojia sababiga hozircha aniqlik kiritilmagan. Erkak voqeadan bir necha kun avval g‘alati holatda bo‘lgan.
“U bir nuqtaga tikilib uzoq o‘tirardi, so‘ng birdan bizni tushunmayotganini aytardi. Biz bunga ahamiyat bermadik”, deydi uning ukasi.
Ukasi uning giyohvand moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmagan. Qo‘shnilari esa unda hech qanday o‘zgarishni sezmagan.
“Juda sokin, farzandlariga g‘amxo‘r ota edi. Ularda hammasi yaxshi deb o‘ylagandik”, deydi qo‘shnilar.
Halok bo‘lganlar – 3, 5 va 7 yoshli o‘g‘il bolalar hamda bir yoshli qiz. Oilada jami olti bola bo‘lgan. Kechasi shovqin va qichqiriqlardan uyg‘ongan ayol ukasi bilan birga o‘zini o‘ldirishga urinayotgan erini tinchlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda 37 yoshli erkak shifoxonada. U sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
“Qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkin edi. Oilaning kattaroq yoshdagi farzandlari hodisa paytida boshqa qarindoshlarinikida mehmon bo‘lgan. Qotilning rafiqasiga psixologik yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Tergov organlari ushbu hodisa bo‘yicha Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi (Ikki va undan ortiq shaxsning o‘ldirilishi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Kaliningrad viloyatida uch kishini o‘ldirishda ayblangan ikki o‘zbekistonlikka sud hukmi o‘qilgan edi. Ulardan biriga 23 yil, ikkinchisiga esa 17 yil qamoq jazosi tayinlagan va jazoni qat’iy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangandi.
LiveBarchasi