Rossiyada sobiq shahar hokimi va uning rafiqasi o‘ldirib ketildi

Olam

image

Rossiyaning Samara shahri sobiq meri Viktor Tarxov va uning rafiqasi Natalya Finlyandiyadan qaytib kelganidan keyin Samaradagi kvartirasida o‘ldirib ketildi. Bu haqda Samara viloyati Tergov boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ular so‘nggi yillarda Rossiyadan tashqarida yashab kelgan. Jinoyatga aloqadorlikda ularning nabirasi gumon qilinmoqda. U hibsga olingan, biroq hozircha ko‘rsatma berishdan bosh tortmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qotillik taxminan bir oy oldin sodir etilgan va sobiq mer va uning rafiqasining jasadlari bochkalar ichiga yashirilgan. Sobiq merning nabirasi hozirda jazoni ijro etish koloniyasida saqlanmoqda.

Avvaliga mahalliy OAV keksa juftlik otib o‘ldirilganini xabar qilgan, biroq keyinchalik bu ma’lumot aniqlashtirilib, Tarxovlar kaltaklab o‘ldirilgani, shundan so‘ng jasadlar bochkalar ichida saqlangani oshkor bo‘ldi.

TASSga ko‘ra, jinoyatda asosiy gumonlanuvchi Tarxovlarning nabirasi bo‘lib, kecha, 5 fevral kuni Samara sudi uni hibsga olgan. Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi (ikki va undan ortiq shaxsni o‘ldirish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Agentlik manbasining aytishicha, hibsga olingan shaxs tergov bilan hamkorlik qilishdan bosh tortmoqda.

“Chestniy detektiv” Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchining ismi Yekaterina bo‘lib, u atigi 18 yoshda.

“Volga Nyus” nashri huquq-tartibot idoralari manbalariga asoslanib, Tarxovlar Samaradagi kvartirasiga kirganini, shundan so‘ng ularning nabirasi u yerga kelganini xabar qilgan. Shuningdek, ularning kvartiradan qaytib chiqmaganini, ammo nabirasi bir necha kun davomida qora paketlarni tashqariga olib chiqib ketganini qayd etgan. Bundan tashqari, u bochkalar ham sotib olgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, gumonlanuvchi qotillikdan keyin o‘ldirilganlarning mulkini sotgan: ikonalar to‘plami va avtomobillar, jumladan, Toyota RAV4’ni. Tergovchilar aynan Tarxovning mashinasini soxta ishonchnoma bilan sotishga urinishidan keyin gumon paydo bo‘lganini bildirgan.

“Chestniy detektiv” huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, Yekaterina avvalroq bobosi ishlagan neft mahsulotlarini qayta ishlash kompaniyasiga kelib, soxta imzolar qo‘yilgan hujjatlar bilan ishlashga uringan. Ishchilar imzolar Tarxovga tegishli emasligini sezgan, biroq nabira bobosi shifoxonada yotganini va unga barcha ishlarni ishonib topshirganini aytib ishontirgan.

Tergovchilarning taxminicha, gumonlanuvchining hamtovoqlari ham bo‘lishi mumkin.

Jinoyat sabablari hozircha aniq emas. “Mash” Telegram-kanali ehtimoliy sabab sifatida qasos versiyasini ilgari surmoqda. Oldinroq Tarxovning qizi va nabirasi 7 million rubl qarz tufayli kvartirasidan mahrum bo‘lgan. Biroq bu ishda Viktor Tarxovning o‘zi ishtirok etmagan. “Volga Nyus” portali xabariga ko‘ra, 2016 yilda sobiq merning qizi va nabirasi 130 kvadrat metr maydonga ega kvartiradan uzoq sud jarayonlari oqibatida ajralib qolgan. Uy garovga qo‘yilib, qarz qaytarilmaganidan keyin yangi egalariga o‘tgan.

Shu bois jinoyatning eng ehtimoliy sababi Viktor Tarxov va uning rafiqasi aktivlarini sotishdan tushgan pul bo‘lib qolmoqda.

“Kommunalniy oper” Telegram-kanali muallifining yozishicha, u maktabda Yekaterina Tarxova bilan birga o‘qigan. U Tarxovani “boy ota-onaning erka qizi”, deb atagan. 

“O‘qituvchilar undan dahshatda edi. Sinfdoshlari hatto bir marta fleshmob uyushtirib, insho yozishgandi: “Orzuim – Katya Tarxova o‘lsa”. Unga ko‘pchilik hasad qilardi, lekin men unga doim rahmim kelardi. Men bilardimki, undan o‘zi bilan shug‘ullanilmagan, faqat cheksiz pul bilan tarbiyalangan bola chiqadi. Nazarimda, bobosi unga endi pul bera olmagan. Unga qadrli bo‘lgan yagona narsa yo‘qolgan. Endi bobosi ham kerak bo‘lmay qolgan”, deb yozadi u.

Viktor Tarxov kim edi?

Viktor Tarxov – Samara shahrining sobiq mer bo‘lib, 2006-2010 yillarda ushbu lavozimga egalik qilgan.

Sovet yillarida u “Kuybishev” viloyat ijroiya qo‘mitasini boshqargan, “Kuybishev” spirt zavodi direktori bo‘lgan. Keyinchalik “Novokuybishev” neftni qayta ishlash zavodi bosh direktori lavozimida ishlagan, Yukos kompaniyasida faoliyat yuritgan, viloyat dumasi deputati etib saylangan va gubernatorlik saylovlarida ham qatnashgan.

2006 yilda u Samara merligi uchun saylovda 56 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. 2010 yilda qayta saylanishga uringan, biroq yutqazib, biznes bilan shug‘ullangan. “Samara onlayn” portali xabariga ko‘ra, 2022 yilda u Yevropaga doimiy yashash uchun ketgan va yaqinda qaytib kelgan bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya poytaxti Moskvadagi “Aliye parusa” turarjoy majmuasida “ArBat” alohida maxsus bo‘linmalari batalonining asoschisi Armen Sarkisyan portlatib yuborilgandi. Majmuada sodir bo‘lgan portlashni sodir etgan erkakning o‘zi ham ushbu jarayon davomida halok bo‘lgan. Tergov Sarkisyanning o‘ldirilishining bir qancha sabablarini, jumladan, shaxsiy qasosni ham ko‘rib chiqmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya qotillik Samara Viktor Tarxov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing