Rossiyada prezidentlik saylovida ovoz berish boshlandi
Olam
−
15 mart
5972Rossiyada prezidentlik saylovi uchun ovoz berish boshlandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Saylov uchastkalari allaqachon ochilgan Kamchatka o‘lkasi aholisi birinchi bo‘lib ovoz beradi. Saylov uchastkalari Uralda va Volga mintaqasining ba’zi hududlarida ham ochildi. 15 dan 17 martgacha soat 8:00 dan 20:00 gacha saylovda ovoz berish mumkin.
Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka to‘rt nafar nomzodni ro‘yxatga oldi: Nikolay Xaritonov (Kommunistik partiya), Leonid Slutskiy (LDPR), Vladislav Davankov (Yangi odamlar) va Vladimir Putin (o‘z-o‘zini ko‘rsatgan).
Saylov uchun 94 mingdan ortiq saylov uchastkasi, 113,6 million dona saylov byulletenlari tayyorlandi. Shuningdek, agar saylovchi ilgari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, masofaviy elektron ovoz berish tizimidan foydalangan holda ovoz berishi mumkin.
MSK 18 mart kuni ertalab ovoz berishning dastlabki natijalarini e’lon qiladi. Komissiya birinchi natijalarni 17 mart kuni soat 21:00 dan boshlab berishni boshlaydi.
25 fevraldan 14 martgacha Prezident saylovi uchun muddatidan oldin ovoz berish uzoq va borish qiyin bo‘lgan joylarda, jumladan, qutb stansiyalarida va dengizdagi kemalarda bo‘lib o‘tdi. 1 martdan Rossiyaning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarida muddatidan oldin ovoz berish imkoniyati mavjud. U 144 ta davlatdagi 288 ta saylov uchastkasida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi “Fuqarolar tashabbusi” partiyasidan Boris Nadejdinning prezidentlikka nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazmagan. Bunga uni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘plangan imzolarning 10 foizdan ortig‘i soxtaligi ro‘kach qilib keltirilgan. Shuningdek, MSK prezidentlikka o‘z nomzodini e’lon qilganida Ukrainada jangovar harakatlar to‘xtatilishi, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarning ozod etilishi tarafdori ekanini bildirgan Yekaterina Dunsovaga ham uning hujjatlarida xatolar aniqlangani vaji bilan nomzod bo‘lishga ruxsat bermadi. Shundan so‘ng Dunsova MSK ustidan sudga murojaat qildi. Biroq Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi ham rjevlik jurnalist Yekaterina Dunsovaning da’vosini rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya qamoqxonasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya G‘arb davlatlarini Rossiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikka va Vladimir Putinni Rossiyaning beshinchi muddatga saylanadigan Prezidenti sifatida qabul qilmaslikka chaqirgandi.
LiveBarchasi