Rossiyada politsiya o‘zbekistonlik erkakni Ukrainaga urushga borishga majburladi – OAV
Olam
−
09 aprel
9109Rossiyada O‘zbekiston fuqarosiga politsiya tomonidan kuch ishlatilib, Ukrainadagi urushga yuborishga majburlangani aytilmoqda. Bu haqda “Nastoyaeye vremya” xabar berdi.
Telekanalga ko‘ra, Yusuf ismli shaxs Moskvada ishlagan va migrantlarga qarshi reyddan so‘ng huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangan. Migrantning so‘zlariga ko‘ra, politsiya bo‘limida unga nisbatan kuch ishlatilib, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur qilingan.
“Ular menga “sen urushga borasan” deyishdi. Men esa men O‘zbekiston fuqarosiman, shuning uchun urushga bormayman, deb javob berdim”, deydi u.
Yusufning aytishicha, u yerda unga bosim o‘tkazilgan va uni urushga yuborishga majburlashgan.
“Men bu mojaro (urush)da ishtirok etishga majbur emasligimni aytdim. Keyin ular pasportimni olishdi va menda kredit borligini aniqlashdi. Shunda ular taklif qilishdi: “Biz sening kreditingni yopamiz, sen esa urushga borasan”. Shu paytda meni ikki marta to‘pig‘im ostiga dubinka bilan urishdi va “nega bormaysan, borasan” deyishdi. Keyin bo‘ynimdan ushlab, devorga tirab qo‘yishdi. Ular men rozi bo‘lmasligimni anglashdi. Men ularga elchixonaga murojaat qilishimni va u yerdan yordam olishimni aytdim. O‘n daqiqa o‘tgach, meni qo‘yib yuborishdi”, deydi migrant.
Yusuf Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan, biroq uning aytishicha, u yerdan yordam ololmagan. Hozirda u bankdan 400 ming rubl qarzdor.
Huquq faoli Valentina Chupikning aytishicha, Rossiya hukumati hozirda migrantlarning qarzlaridan bosim vositasi sifatida foydalanib, ularni urushga yuborishga urinayotgan holatlar kuzatilmoqda.
Yusufning aytishicha, elchixonaga murojaat qilganidan so‘ng vaziyat yana takrorlangan. Uni yana politsiya to‘xtatgan, hujjatlarini tekshirgan va uning qarzdorligini aniqlagan. Keyin Ichki ishlar vazirligi xodimlari unga yana armiya bilan shartnoma tuzishni taklif qilgan. Yusuf elchixonaga qo‘ng‘iroq qilgan, biroq unga javob berilmagan. U vaqtincha vataniga qaytishga qaror qilgan.
“Yusuf pul topib, kreditini to‘lash uchun Rossiyaga qaytishga majbur ekanini aytmoqda. Ammo yana urushga yuborishga urinishlar bo‘lishidan qo‘rqmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-va 154-1- moddalarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi, shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi taqiqlangan va tegishli javobgarlik belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina hududida harbiy harakatlarda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosi – Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan erkak 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi. 2023 yilning 24 noyabr kuni u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yil muddatga harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan va Ukraina Rossiya tarkibida jangovar harakatlarda qatnashishga rozilik bildirgan. U o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi hududida Rossiya tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun borgan.
Chegarani kesib o‘tish paytida ularning kolonnasi Ukraina tomonidan dron bilan o‘qqa tutilgan. Xoliqov drondan tushirilgan snaryad portlashi oqibatida boshining chap chakka qismidan, chap qo‘li, chap yelkasi va o‘ng oyog‘idan jarohat olgan. U bir oy davomida davolangan Moskvadagi shifoxonada mart oyida o‘ziga kelgan. Sud uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) bo‘yicha aybdor deb topib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
LiveBarchasi