Rossiyada migratsiya qonunchiligiga doir 3 ta o‘zgarish ma’qullandi
Olam
−
23 Oktabr
11184Rossiya Davlat Dumasi yalpi majlisida migratsiya qonunchiligiga o‘zgartirishlar kirituvchi qator loyihalar birinchi o‘qishda ma’qullandi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat Dumasi migratsiya siyosatini kuchaytirish uchun uchta qonun loyihasini ma’qullagan. Ulardan birida migrantlar uchun keng qamrovli imtihonni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha huquq va majburiyatlarni uchinchi shaxslarga berishni taqiqlash belgilandi. Xususan, migrantlarni imtihondan o‘tkazadigan ta’lim tashkilotlari ro‘yxatini tuzish faqat hukumat zimmasiga yuklatilishi taklif qilinmoqda.
Shuningdek, birinchi o‘qishda noqonuniy migratsiyani tashkil etishda soxta hujjatlar tayyorlaganlik uchun yuridik shaxslarga javobgarlik joriy etishni ko‘zda tutgan qonun loyihasi ham qabul qilindi. Unga ko‘ra, birinchi marta qonunbuzarlik sodir etilganida jarima 5 milliondan 10 million rublgacha, takroriy qonunbuzarlikda esa 10 milliondan 60 million rublgacha bo‘ladi. Hozirda bunday qonunbuzarlik uchun 400 mingdan 1 million rublgacha jarima belgilangan.
Bundan tashqari, endilikda Rossiya Jinoyat kodeksning 19.23-moddasining amaldagi qismiga muvofiq (hujjatlarni soxtalashtirish va ulardan foydalanish), chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatni soxtalashtirganlik uchun jarima miqdori 50 mingdan 100 ming rublgacha bo‘ladi, takroriy holatda esa 100 mingdan 300 ming rublgacha jarima qo‘llaniladi. Hozirda bu uchun 30 mingdan 50 minggacha va 50 mingdan 100 minggacha jarima belgilangan.
Birinchi o‘qishda, shuningdek, noqonuniy migratsiya xizmatlarini taqdim etish va noqonuniy migratsiyani tashkil qilish usullari bo‘yicha takliflar joylashtirilgan saytlarni sudsiz blokirovka qilishni nazarda tutgan qonun loyihasi ham qabul qilingan. Bu o‘zgarishlar mamlakatning “Axborot, axborot texnologiyalari va axborotni himoya qilish to‘g‘risida"gi qonuniga kiritilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin joriy yil yakunigacha migratsiya siyosati bilan bog‘liq 5 ta qonun qabul qilinishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.