Rossiyada migrantlar yotoqxonasiga o‘t qo‘yildi (video)
Olam
−
23 Oktabr
14951Rossiyaning Tver viloyatida erkak migrantlar istiqomat qiladigan yotoqxonaga o‘t qo‘ydi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 20 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Erkak xonaga benzin sepib, uni yoqib yuborgan. Yong‘indan qochgan fuqarolardan biri ikkinchi qavat derazasidan sakrab tushib, jarohat olgan. Yong‘in oqibatida xona vayron bo‘lgan, yotoqxona yo‘lagi shikastlangan.
Gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Ayni paytda esa zarar miqdori aniqlanmoqda.
Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, sudlanuvchi hozirda vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga asosan erkak besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Boshqarma tomonidan chop etilgan videoda erkak yotoqxonaga benzin sepib, uni yoqib yuborganini ko‘rish mumkin. U buni pul uchun yollanib qilganini aytgan.
Videoda erkakning plastik butilkadan suyuqlik quyib, binoga o‘t qo‘ygani yaqqol aks etgan. Binoda yashab kelayotgan migrantlar vaqtincha mahalliy dam olish markaziga joylashtirilgan.
Oxirgi vaqtlarda Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq ko‘plab salbiy voqealar ro‘y bermoqda. Rasmiylar tomonidan migrantlarga qarshi turli xil gaplar aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi bola huquqlari bo‘yicha vakil Igor Morokov maktablarda tahsil olayotgan migrant oilalarning farzandlariga nogiron sifatida qarash kerakligini aytgandi. Morokov Rossiya maktablarida tahsil olayotgan, ammo rus tilini bilmaydigan o‘quvchilarning mavjudligi bilan bog‘liq muammoga shu tariqa “yechim” borligini ta’kidlagan. Ombudsman bu o‘quvchilar soni kam bo‘lgan sinflarni tashkil etish va o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq to‘lash imkonini berishini aytgan.
LiveBarchasi