Rossiyada migrantlar orasida eng ko‘p jinoyatni o‘zbekistonliklar sodir etyapti
Olam
−
13 iyun 10836 1 daqiqa
Rossiyada migrantlar orasida eng ko‘p jinoyatlarni o‘zbekistonliklar sodir etmoqda. Bu haqda kecha, 12 iyun kuni Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Vitaliy Yakovlev Turkmaniston poytaxti Ashxobodda o‘tkazilgan “Tinchlik, barqaror rivojlanish va migratsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiyada e’lon qildi.
Uning aytishicha, joriy yilning birinchi choragida Rossiyada xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 35,5 foizi O‘zbekiston fuqarolariga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda Tojikiston fuqarolari turibdi – ularga 16,6 foiz jinoyatlar to‘g‘ri keladi. Ro‘yxatni 11,5 foiz bilan Qirg‘iziston fuqarolari yakunlaydi.
Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida xorijliklar tomonidan Rossiyada sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga oshgan.
“Afsuski, migrantlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar sonining o‘sib borayotganini qayd etyapmiz. Xususan, xorijliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 15,3 foizga oshgan. Aniq raqamlarda aytadigan bo‘lsak, joriy yilning birinchi choragida xorijliklar Rossiyada 12,5 mingta jinoyat sodir etgan”, dedi Yakovlev.
Shu bilan birga, xorijiy fuqarolarga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar soni birinchi chorakda 1,1 foizga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev mamlakat uchun foydasi yo‘q bo‘lgan migrantlarni chiqarib yuborishni taklif qilgan edi.
Live
Barchasi