Rossiyada kafega raketa kelib urildi (video)
Olam
−
28 iyul 2023
25812Rossiyaning Rostov viloyati Taganrog shahridagi kafelardan birida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida 15 kishi jarohatlangan, 9 nafari esa shifoxonaga yotqizilgan. Ularning holati barqaror ekani aytilmoqda. Portlash epimarkazi Taganrog san’at muzeyi bo‘lgan. Voqea joyida 60 nafar qutqaruvchi va 17 ta texnika ishlayotgani aytilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash raketa parchasining kelib tushishi natijasida yuzaga kelgan. Ta’kidlashicha, Ukrainaning S-200 havo hujumidan mudofaa tizimi zarbavor variantga o‘zgartirilib, Rostov viloyati tomon zenit raketasi uchirilgan. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi esa raketani “tutib olgan” va uning parchalari tasodifan kafe ustiga qulagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi mazkur portlashni “Kiyev rejimining terroristik hujumi” deb atagan.
Viloyat gubernatori Vasiliy Golubevning aytishicha, keyinroq yana bir raketa Rostovning boshqa bir hududi – Azov tumani uzra aniqlangan va urib tushirilgan.
Portlashdan so‘ng Taganrog shahrida favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 aprel kuni Rossiyaning yana bir shahri Sankt-Peterburgdagi kafeda ham portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida o‘shanda taniqli bloger va harbiy muxbir Vladlen Tatarskiy halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi