Rossiyada ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan mashina YTHga uchradi. Qurbonlar bor
Olam
−
10 noyabr
9788Bugun, 10 noyabr kuni Rossiyaning Penza viloyatida ichida o‘zbekistonliklar ham bo‘lgan mashina yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu YTH bugun soat 4:00 da Penza viloyatidagi M-5 Ural federal avtomagistralining 738-kilometrida sodir bo‘lgan. Buning oqibatida uch kishi voqea joyida halok bo‘lib, ikki kishi tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan. Halok bo‘lganlarning bir nafari O‘zbekiston fuqarosi, qolgan ikki nafar shaxsning O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi aniqlanmoqda.
Turli tan jarohatlari bilan Kuznetsk tumanlararo shifoxonasiga joylashtirilgan ikki kishi ham O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilgan.
Penza viloyati davlat transport inspeksiyasi bergan xabarga ko‘ra, YTH KAMAZ yuk mashinasi va Cobalt avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan. 1996 yilda tug‘ilgan Cobalt haydovchisi hamda 1980 hamda 1965 yilda tug‘ilgan ikki yo‘lovchi erkak voqea joyida halok bo‘lgan. 1995 yilda tug‘ilgan ayol yo‘lovchi va yana bir erkak yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan.
Bildirilishicha, holat O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi nazoratiga olingan bo‘lib, tegishli muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mahalliy mas’ul vakolatli organlar bilan halok bo‘lganlarni vatanga qaytarish, shuningdek jabrlanganlar tibbiy muolaja ko‘rsatilishini Bosh konsulxona va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari o‘z nazoratiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Tyumen viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 55 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgandi. Yuk mashinasining 24 yoshli haydovchisi jarohatlangandi.
LiveBarchasi