Rossiyada chaqiruv yoshidagilarni harbiy zavodlarga yuborish taklif qilindi
Olam
−
25 fevral 2025 3539 2 daqiqa
Rossiyada chaqiruv yoshidagi fuqarolar harbiy korxonalarga ishlash uchun yuborilishi mumkin. Bu Davlat dumasiga kiritilgan tegishli qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, mudofaa kompleksi korxonasiga ishga joylashgan fuqaro an’anaviy muddatli xizmatni muqobil fuqarolik xizmatiga almashtirishi mumkin. Ukraina bilan urush sharoitida bu chora davlat mudofaa buyurtmasini o‘z vaqtida bajarishda zarur bo‘lgan kadrlar tanqisligi muammosini hal qiladi. Shuningdek, harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va ularni yetkazib berishni tezlashtirish imkonini beradi.
Qonun loyihasida muqobil xizmatni o‘tash joylari ro‘yxatini kengaytirish, unga davlat mudofaa buyurtmasining bosh ijrochilari bo‘lgan korxonalarni kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, agar fuqaro davlat mudofaa buyurtmasi bo‘yicha mahsulot yetkazib beruvchi yetakchi ijrochi tashkilotida ishlayotgan bo‘lsa, u harbiy xizmatni muqobil fuqaro xizmati bilan almashtirish huquqiga ega bo‘ladi.
2024 yil sentyabr oyida Prezident Vladimir Putin Rossiya Qurolli kuchlari shtatlarini 2 389 130 kishigacha oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Hujjat 1 dekabrdan kuchga kirgan. Natijada harbiy xizmatchilarning shtat birligi 180 ming kishiga oshirilgan.
Bungacha armiya soni so‘nggi marta 2023 yil dekabr oyida qayta ko‘rib chiqilgan, o‘shanda harbiylar soni 170 ming kishiga ko‘paytirilib, 2 million 209 ming 130 nafarga yetkazilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasida Rossiyada tashqi reklama va vitrinalardan ccoffee, fresh, sale, shop, open kabi chet tillardagi so‘zlarini ishlatish taqiqlanishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi