Rossiyada bortida 170 kishi bo‘lgan samolyot favqulodda qo‘ndirildi
Olam
−
12 Sentabr 2023
3580Rossiyadagi ichki reyslar orqali Sochidan Omskga uchayotgan samolyot Novosibirsk viloyatining Ubinskiy tumanidagi dalaga favqulodda qo‘ndirildi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sochi–Omsk yo‘nalishida uchgan “Ural Airlines” aviakompaniyasining Airbus-A320 layneri belgilangan aeroportga qo‘na olmagan va yo‘nalishini o‘zgartirib, ogohlantirish signalini jo‘natgan va keyin harakatni Novosibirsk tomonga yo‘naltirgan.
Omsk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Vitaliy Xotsenkoga ko‘ra, favqulodda qo‘nishga dastlabki sabab gidravlika tizimidagi nosozlik bo‘lgan. U o‘z Telegram-kanalida yozishicha, uchoq har qanday vaziyatda bo‘lmasin, muvaffaqiyatli qo‘ndirilgan va hozirda qutqaruvchilar voqea joyida ish olib bormoqda.
Ubinskiy tumani rahbari Oleg Konyuk agentlikka samolyotning fyuzelyaji buzilmagani, barcha yo‘lovchilar evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining mintaqaviy bosh boshqarmasi vaziyatga oydinlik kiritib, favqulodda qo‘nish joyida hech qanday bino va vayronalar yo‘qligini ta’kidlagan. Hozirda G‘arbiy Sibir transport prokuraturasi hodisa sabablarini o‘rganmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreyada Asiana Airlines aviakompaniyasi samolyotining eshigi parvoz vaqtida ochilib ketgan edi. Favqulodda vaziyat vaqtida bortda 194 kishi bo‘lgan. Samolyot eshigi ochiq holda muvaffaqiyatli qo‘ngan. Hodisa vaqtida hech kim jabrlanmagan, biroq havo yetishmasligi tashxisi bilan 9 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
LiveBarchasi