Rossiyada bir vaqtning o‘zida uchta virusli epidemiya boshlandi
Salomatlik
−
10 yanvar
8101Rossiyada tridemiya boshlandi. Bu haqda Rospotrebnadzor (Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati) va Smorodinsev nomidagi grippga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xabar berdi.
Tridemiya – uchta virusning bir vaqtda tarqalishini anglatadi. Hozirgi vaziyatda mamlakatda koronavirus, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) va gripp avj olmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bir vaqtning o‘zida uchta infeksiyani yuqtirish mumkin, ammo bu juda kam uchraydi, biroq ketma-ket kasallanish ehtimoli yuqori. Bu immunitet tizimi mavjud kasallik natijasida zaiflashganida sodir bo‘ladi. Bunday vaziyatda tananing yangi virusga qarshi kurashishi va kasallikning qaytalanishiga qarshi turish qiyinroq kechadi.
Hozirgi vaqtda mamlakatda ushbu viruslar orasida A grippi (H3N2/Gonkong grippi deb ham ataladi) ko‘proq tarqalgan.
Qayd etilishicha, kasallanish darajasi har 10 ming aholiga 128,1 holatni tashkil etadi, bu asosiy me’yordan 83 foizga yuqori.
Mutaxassislar fevral-mart oylarida kasallanishning mumkin bo‘lgan pasayishini bashorat qilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya COVID-19 bilan kasallanish dinamikasi eng yuqori bo‘lgan uchta mamlakat qatoriga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Rossiyada koronavirusning ikkita yangi shtammi aniqlangandi.