Rossiyada bir uydan 3 nafar o‘zbekistonlikning jasadi chiqdi
Olam
−
18 aprel 2023
20180Joriy yilning 15 aprel kuni Rossiyaning Tomsk viloyatidagi uylardan birida yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Bu haqda “Vtomske.ru” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Asino shahridagi yog‘och uylardan birida yong‘in yuz bergan. Yong‘inni o‘chirish vaqtida o‘t o‘chiruvchilar uch kishining jasadini topgan. Halok bo‘lganlar 2002, 1989, 1975 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik erkaklar ekani aniqlangan. Shundan so‘ng, mamlakat Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.
Kecha, 17 aprel kuni “Stroydommontaj-M” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 43 yoshli xodimi jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan.
Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ushbu tijorat tashkiloti yollanma ishchilar, jumladan, mehnat muhojirlarini jalb qilgan holda ish olib boradi hamda qurilish va ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatadi.
“Fuqaro 2023 yilda “Stroydommontaj-M” MCHJda ish bilan band bo‘lgan O‘zbekistondan kelgan bir guruh mehnat migrantlariga ko‘rsatilgan turar-joy binosini yashash uchun bergan. Biroq u uy-joy egasi bo‘lgan holda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini ta’minlamagan. Rossiya Federatsiyasidagi yong‘in qoidalarini buzishga yo‘l qo‘ygan, oqibatda ehtiyotsizlik tufayli uch kishi halok bo‘ldi”, deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.
Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 3-qismi (ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr