Rossiyada 76 nafar markaziy osiyolik migrant qo‘lga olindi (video)
Olam
−
29 avgust 2023
14901Rossiyaning Krasnodar shahrida politsiya va FSB xodimlari “Samolyot” turar-joy majmuasi qurilish maydonchasida o‘tkazilgan reyddan so‘ng, 76 nafar chet el fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligining Krasnodar o‘lkasi bo‘yicha bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari chet el fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy bo‘lishining yettita faktini, shuningdek, ikkita soxta ro‘yxatga olish holatini aniqlagan.
Qoidabuzarlarga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 18-8-moddasi 1-1-qismi (Chet el fuqarosi tomonidan Rossiya Federatsiyasida bo‘lish (yashash) rejimini buzish) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Materiallar sudga topshirilgan. Migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun chet el fuqarolari Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborilishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda “Samolyot” turar-joy majmuasi aholisining shikoyatlari paydo bo‘lib, ular migrantlarning nojo‘ya xatti-harakatlari haqida xabar bergan. Fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodan kelgan ishchilar ichkilik ichishadi, janjal qilishib, qizlarni tahqirlashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi sabzavot omborida ishlayotgan yuz nafarga yaqin Rossiya pasportiga ega muhojirlar harbiy ro‘yxatga olish idorasi (voyenkomat)ga olib ketilgandi.
LiveBarchasi