Rossiyada 72 yoshli ayol ijtimoiy tarmoqdagi postlari ortidan 5,5 yilga qamaldi
Olam
−
30 yanvar
14183Rossiyaning Rostov viloyatidagi Shaxti shahar sudi 72 yoshli pensioner Yevgeniya Mayborodani Rossiya armiyasi haqida “soxta xabarlar” tarqatganlikda aybdor, deb topdi va besh yarim yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Tarmoq erkinliklari” inson huquqlari loyihasi xabar berdi.
Mayboroda armiya haqida siyosiy nafrat (Rossiya Jinoyat kodeksining 207.3-moddasi 2-qismi “e” bandi) va ekstremistik faoliyatga chaqirish (280-modda 2-qismi) asosida “soxta xabarlar” tarqatishda aybdor deb topilgan. Davlat ayblovchisi 72 yoshli ayolni olti yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan.
Huquq himoyachilarining aytishicha pensionerga nisbatan ish “VKontakte” tarmog‘ida e’lon qilingan ikkita posti sabab ochilgan. Postlardan birida halok bo‘lgan rossiyalik harbiylar soni haqidagi ma’lumotlar, ikkinchisi "ta’sirchan video" bo‘lgan.
“Asosan Mayboroda o‘z sahifasida tinchlik tilaklari va pravoslav bayramlari bilan tabriklar yozilgan rasmlarni chop etgan”, deb yozadi “Mediazona”.
Nashrning tan olishicha, nafaqaxo‘rning sahifasidagi ayrim postlar o‘chirib tashlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil oxiridan beri Yevgeniya Mayboroda tanqidiy postlar uchun armiyani “obro‘sizlantirish” moddasi bo‘yicha ikki marta (Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy Kodeksning 20.3.3-moddasi 1-qismi) 40 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan.
2023 yil mart oyida pensioner ikki marta natsist belgilarni namoyish qilish (Ma’muriy Kodeksning 20.3-moddasi 1-qismi) va ekstremistik materiallarni tarqatish (Ma’muriy Kodeksning 20.29-moddasi) bo‘yicha maxsus hibsxonaga yuborilgan. Aprel oyida Mayboroda “Rosfinmonitoring” tomonidan yuritiladigan "ekstremistlar va terrorchilar ro‘yxati"ga kiritilgan.
LiveBarchasi