Rossiyada 15 nafar o‘zbekistonlik migrant qo‘lga olindi

Olam

image

Rossiyaning Odinsovo shahrida noqonuniy migratsiya bo‘yicha o‘tkazilgan reydlarda 15 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Odinsovo shahri okrugidagi 5-politsiya bo‘limida 4 kundan ortiq vaqt davomida 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi noqonuniy ushlab turilgani haqida videolar tarqalgan.

Aniqlik kiritish maqsadida 8 avgustda elchixonaning konsullik bo‘limi xodimlari okrugdagi bo‘limda bo‘lgan. Unda o‘zbekistonliklar mamlakat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Odinsovo shahar okrugida o‘tkazilgan reydda hibsga olingani aniqlangan.

“Yuqorida qayd etilgan O‘zbekiston fuqarolari Moskva viloyati hududida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan mehnat faoliyatini noqonuniy ravishda olib borgan”, deyilgan xabarda.

9 avgust kuni ushbu fuqarolar Rossiyadan chiqarib yuborish uchun Moskva viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan.

Elchixona Rossiyaga kelishni rejalashtirayotganlardan, shuningdek, mehnat migratsiyasi bo‘yicha shu yerdagi fuqarolardan mamlakatda belgilangan qonun hujjatlariga rioya qilishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada mehnat qilayotgan 45 nafar o‘zbekistonliklar mamlakatning xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingani, ulardan 12 nafari hujjatlarini tekshirish uchun politsiya bo‘limiga olib ketilgani haqida xabar xabar berilgandi. Ularning 11 nafariga nisbatan patent muddati o‘tib ketgani sababli jarima shaklida ma’muriy javobgarlik qo‘llanilib, shu kunning o‘zida vaqtincha yashash joyiga ruxsat berilgan. Qolgan 1 nafari esa hech qanday hujjatlarsiz ishlagani sababli mamlakat hududidan deportatsiya qilingan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya o'zbekistonlik migrant

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing