Rossiyada hibsga olingan fransuz velosportchisi ozod etildi

Sport

image

Avvalroq, fransiyalik velosipedchi sayyoh Sofian Sexili noqonuniy davlat chegarasini kesib o‘tganlikda ayblanib, Rossiyaning Vladivostok shahrida hibsga olingani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Endi esa, sportchi ozod qilindi. Bu haqda uning advokati Alla Kushnirga tayanib, “RIA Novosti” agentligi xabar berdi.

Kecha, 23 oktyabr kuni Pogranichniy tuman sudi Sexilini Rossiya davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda aybdor deb topdi. Biroq, sud tergov hibsxonasida o‘tkazgan vaqtini inobatga olib, unga belgilangan 50 ming rubl miqdoridagi jarimani undirmaslikka qaror qildi. Shundan so‘ng u sud zalida ozod etildi.

Sofian Sehili sud qaroridan mamnunligini bildirgan. Advokat ma’lumotiga ko‘ra, sportchi bugun, 24 oktyabr kuni Vladivostokdan Pxuketga parvoz qilgan va u yerdan Fransiyaga yo‘l oladi. Yevropaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘qligi sababli, u uchinchi davlat orqali qaytishga majbur bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, fransuz velosportchisi sentyabr oyi boshida Rossiya hududini noqonuniy kesib o‘tganlikda gumonlanib, Primoreda qo‘lga olingan edi. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322-moddasi 1-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Sofian Sehili Yevroosiyo bo‘ylab velosipedda sayohat qilish bo‘yicha jahon rekordini yangilash maqsadida yo‘lga chiqqan. Joriy yilning 1 iyul kuni u Portugaliyaning Kabo-da-Roka burnidan (Yevrosiyoning eng g‘arbiy nuqtasi) start olgan va ikki oy ichida 16 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishni rejalashtirgan. Uning yo‘nalishiga Turkiya, Eron, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston va Xitoy kabi 17 mamlakat kirgan. Sayohatning yakuniy nuqtasi sifatida Vladivostok tanlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Sofian Sexili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing