Rossiya jinoyatda ayblanayotgan to‘rt kishini O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi 

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etganlikda ayblangan to‘rt kishini O‘zbekistonga topshirdi. Bu haqda RF Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.  

Ta’kidlanishicha, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston hududida jinoyat sodir etgan fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlariga topshirgan. O‘zbekistonga topshirilgan odamlar haqida shunday xulosalar berilgan:

•  Jahongir Baymatov “xavfli retsidivist” hisoblanadi. U Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabida buxgalter bo‘lib faoliyat yuritgan. U sobiq maktab direktori va boshqa shaxslar bilan birgalikda 2018 yilning dekabridan 2019 yilning dekabriga qadar muassasa xodimlarining imzosini qalbakilashtirish orqali ish haqi bayonotlariga yolg‘on ma’lumotlar kiritgan. Shunday qilib, u ishonib topshirilgan pul mablag‘larini o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan. 

•  Qaxramon Jamolov 2018 yil 7 noyabrdan 2019 yil 4 martgacha Toshkent shahrida ombor mudiri bo‘lib ishlagan. U xomashyo, materiallar va tayyor mahsulotni katta miqdorda o‘g‘irlaganlikda ayblanmoqda. 

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining uyushgan jinoiy guruh tarkibida o‘g‘rilikda ayblanayotgan Jasurbek Mo‘minov va qasddan badanga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazishda ayblangan Feruz Ibrohimovni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovlarini qanoatlantirgan.  

Bu fuqarolar turli vaqtlarda Rossiya Federatsiyasi hududida hibsga olingan. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ularni topshirish bo‘yicha tegishli so‘rovlarni tayyorlagan. 

Ularni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasining qarorlari kuchga kirgan. Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmatiga ularni zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda topshirish buyurilgan. 

Ta’kidlanishicha, ular maxsus kuzatuvchilar hamrohligida O‘zbekistonga yetkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston ekstraditsiya

Baholaganlar

149

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing