Rossiya Zelenskiyning ona shahriga hujum qildi. Qurbonlar bor
Olam
−
06 mart
12015Kecha, 5 mart kuni Rossiya armiyasi Ukrainaning Krivoy Rog shahridagi mehmonxonaga raketa zarbasi yo‘lladi. Oqibatda 2 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.
“Yong‘in sodir bo‘ldi. Fuqarolik infratuzilmasi shikastlandi. Ehtimol, vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Oqibatlar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtiryapmiz”, deb yozdi Dnepropetrovsk viloyati ma’muriyati rahbari Sergey Lisak o‘zining Telegram-kanalida.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, raketa besh qavatli mehmonxonaga kelib tushgan. Oqibatda 2 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi jarohatlangan. Ular orasida bir bola ham bor. Juda og‘ir ahvolda bo‘lgan 20 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
“Ularga barcha zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, dedi Lisak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 18 kishini qutqarishning uddasidan chiqilgan, biroq vayronalar ostida hali ham odamlar bo‘lishi mumkin. Hujumdan biroz oldin Ukraina havo kuchlari Rossiya tomonidan ballistik qurol qo‘llanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan, shuningdek, “Krivoy Rog ustida yuqori tezlikda harakatlanayotgan nishon” kuzatilayotgani e’lon qilingan. Keyinchalik Ukraina harbiylari Dnepropetrovsk, Donetsk, Sum, Xarkov va Chernigov viloyatlarida Rossiya dronlari va boshqariluvchi aviabombalari hujum xavfi mavjudligi haqida xabar bergan.
“Voyenniy osvedomitel” ma’lumotlariga ko‘ra, Krivoy Rogdagi mehmonxonaga “Iskander” raketasi bilan zarba berilgan. “Voyenkori Russkoy vesni” esa Rossiya muntazam ravishda shahardagi mehmonxonalarni nishonga olayotganini ta’kidlagan. Kanal muallifining so‘zlariga ko‘ra, bu mehmonxonalar “Ukraina qurolli kuchlarining joylashish maskanlariga aylantirilayotgani” sababli sodir bo‘lmoqda. Biroq bu iddaoni tasdiqlovchi dalillar keltirilmagan.
Ma’lumot uchun, Krivoy Rog – Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tug‘ilgan shahar bo‘lib, u hozirgi front chizig‘idan taxminan 70 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan. Urush boshlanganidan beri shahar Rossiya tomonidan muntazam o‘qqa tutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 23 fevral kuni kechasi Krivoy Rokka yo‘llangan Rossiya raketa zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi jarohat olgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

