Rossiya zarbalarining 97 foizi tinch aholiga qaratilgan – Rustam Umarov

Olam

image

Rossiyaning Ukraina hududidagi nishonlarga bergan zarbalarining 97 foizi fuqarolik infratuzilmasiga urildi. Bu haqda kecha, 28 mart kuni Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov Kiyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan NATO-Ukraina kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Rossiyaning ushbu raketalari, uchuvchisiz samolyotlari va boshqariladigan bombalarning atigi uch foizi harbiy nishonlarga zarba berdi”, deydi Umarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilishda asosiy e’tibor Rossiya qo‘shinlarining so‘nggi paytlarda sodir bo‘layotgan ommaviy havo hujumlari va Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish zaruratiga qaratilgan. Umarov Ukraina havo mudofaasining shoshilinch ehtiyojlari haqida batafsil ma’lumot bergan.

Ukraina Mudofaa vaziri BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, so‘nggi uch oyda BMT tomonidan tasdiqlangan 1804 nafar tinch aholi orasidagi qurbonlardan 712 nafari raketa hujumlari va o‘q-dorilar sabab halok bo‘lganini aytgan. 

“Ittifoqchilar Rossiya havo hujumlarining kuchayishini keskin qoraladi va Ukraina mudofaasini yanada kuchaytirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi”, deyiladi NATO-Ukraina kengashi saytida shu kuni chop etilgan bayonotda. 

Ta’kidlanishicha, uchrashuv elchilar darajasida bo‘lib o‘tgan, unda alyans bosh kotibi o‘rinbosari Mircha Joana ham ishtirok etgan, Rustam Umarov esa yig‘ilishda videokonferensiya orqali qatnashgan.

“Rossiyaning Ukraina tinch aholisiga va muhim infratuzilmaga qarshi davom etayotgan hujumlari bizning doimiy qo‘llab-quvvatlashimiz zarurligini ko‘rsatadi”, degan NATO Bosh kotibi o‘rinbosari. 

Shuningdek, Fransiya Ukrainani doimiy qo‘llab-quvvatlashi doirasida tez orada u yerga qo‘shimcha Caesar gaubitsalarini jo‘natishi ko‘rsatilgan va “bir qator ittifoqchilar Chexiya Respublikasining qo‘shimcha 800 ming birlik artilleriya snaryadlari sotib olish tashabbusiga qo‘shilgan.

Ma’lumot uchun, NATO-Ukraina kengashi alyansning 2023 yil iyulida bo‘lib o‘tgan sammitida tuzilgan bo‘lib, NATO va Ukraina o‘rtasida maslahatlashuvlar, qarorlar qabul qilish va qo‘shma tadbirlar uchun forum bo‘lib xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing