Rossiya Zaporoje va Nikolayevga zarba berdi
Olam
−
11 noyabr
3178Bugun, 11 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Ukrainaning qator hududlariga, xususan, Zaporoje va Nikolayevga havo zarbalari berdi. Bu haqda Ukraina ma’muriyati rasmiylari ma’lum qildi.
Zaporoje viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Ivan Fedorovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Zaporojega tungi hujumlari oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana 21 kishi jarohatlangan. Fedorovning ta’kidlashicha, kun davomida Rossiya qo‘shinlari Zaporoje viloyatining aholi punktlariga 356 ta zarba bergan.
“Turarjoy binolari va infratuzilmaning vayron bo‘lganligi haqida 44 ta xabar kelib tushgan”, deydi Zaporoje harbiy ma’muriyati rahbari.
Avvalroq Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Zaporoje viloyatining markaziga kamida uchta aviazarba berilgani haqida xabar bergan edi. Shu bilan birga, Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari Rossiya Federatsiyasi tomonidan Zaporojega boshqariladigan havo bombalari uchirilganini e’lon qildi.
“Hujumlar oqibatida portlash to‘lqini ikki qavatli turarjoy binosini qisman vayron qilgan, yotoqxona va avtosalon binosiga zarar yetkazgan”, deb xabar qildi Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida 9 kishi jabrlangan. Ular orasida 4 va 17 yoshli ikki o‘g‘il bola ham bor.
Nikolayev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Kim ham tungi hujumlar qurbonlari haqida ma’lum qildi. Bugun, 11 noyabr kuni ertalab u Telegram’da Rossiya Qurolli kuchlarining Shahed 131/134 dronlari yordamida Nikolayev shahrida uyushtirgan tungi hujumlari oqibatida besh kishi halok bo‘lgani va 45 yoshli ayol yaralangani haqida yozdi. U shifoxonaga yotqizilgan.
Yana 22 kishi voqea joyida psixologik yordam so‘rab murojaat qilgan.
Ukrainaning “Unian” nashri Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlariga tayanib, 11 noyabr erta tongda Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga hujumlarini davom ettirganini ta’kidladi. Kuzatuv kanallari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning sakkizta Tu-95MS strategik bombardimonchi samolyotlari uchirish pozitsiyalariga yo‘l olgan. Kuzatuvchilar taqlid raketa uchirilishini ham istisno etmaydi.
LiveBarchasi