Rossiya Yevropaga neft yetkazib berishni to‘xtatdi

Olam

image

2022 yil oxirida joriy etilgan embargo rejimiga qaramay Yevropa mamlakatlariga hali ham davom etayotgan Rossiya nefti oqimlari kecha, 19 dekabr kuni to‘xtatildi. Bu haqda “Moscow Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Transneft” oldindan ogohlantirmagan holda Rossiya konlaridan Vengriya, Slovakiya va Chexiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga ulanishni ta’minlovchi “Drujba” quvuri orqali neft uzatishni to‘xtatgan.

1960 yillarda Sharqiy Yevropa sotsialistik davlatlarini xomashyo bilan ta’minlash uchun qurilgan ushbu quvurda texnik muammolar yuzaga kelgani ma’lum qilingan. Sanoatdagi uchta manbaga ko‘ra, “Transneft” tizimidagi nosozlik Markaziy Rossiyadagi eng yirik nasos stansiyalaridan biri – Unechada sodir bo‘lgan. Bu holat nafaqat Yevropa Ittifoqiga, balki Belarusga ham neft yetkazib berishga ta’sir ko‘rsatgan.

Germaniyagacha yetib boruvchi “Drujba” quvuri so‘nggi oylarda har kuni taxminan 300 ming barrel Urals neftini yetkazib turgan. Bu quvur Vengriya va Slovakiyada joylashgan MOL kompaniyasining neftni qayta ishlash zavodlari uchun asosiy xomashyo manbai bo‘lib, ushbu davlatlar Rossiyaga qarshi Yevropa Ittifoqining neft embargosidan ozod qilingan.

Bundan tashqari, “Drujba” orqali Germaniya Qozog‘iston neftini ham qabul qiladi. O‘tgan yili bu yetkazib berish hajmi 1 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda u 1,3–1,35 million tonnagacha oshishi rejalashtirilgan.

“Reuters” manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, quvurdagi nosozliklarni bartaraf etish ishlari dekabr oxirigacha davom etishi mumkin. Boshqa bir manba esa muammoni hal qilish bir necha oyga cho‘zilishi mumkinligini aytmoqda.

Ma’lumot uchun, Rossiya uchun bir vaqtlar eng yirik bozor hisoblangan Yevropaga dengiz yo‘llari orqali neft yetkazib berish to‘xtatilganidan so‘ng, faqat ikki davlat – Slovakiya va Vengriya Rossiyadan neft import qilishni davom ettirmoqda. CREA (Energetika va toza havo tadqiqot markazi) ma’lumotlariga ko‘ra, Slovakiya noyabr oyida “Drujba” orqali 132 million yevrolik, Vengriya esa 108 million yevrolik neft sotib olgan. Ushbu mamlakatlar Rossiya gazini ham import qilishni davom ettirmoqda – Slovakiya noyabrda 129 million yevrolik, Vengriya esa 141 million yevrolik gaz sotib olgan.

CREA hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi o‘tgan oy Rossiya energiya resurslariga jami 1,1 milliard yevro sarflagan. Bundan tashqari, Avstriya Rossiyaning quvur gazini (oyiga 187 million yevro) import qilishni davom ettirgan, Fransiya va Ispaniya esa Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz sotib olgan – mos ravishda 252 va 176 million yevro.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilda Rossiya 2022 yil bahoridan beri birinchi marta Yevropa Ittifoqining yetakchi gaz yetkazib beruvchisi bo‘lgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing