Rossiya Yevropadan 450 million yevrolik sanksiyalangan tovarlarni olgan – “Bloomberg”

Olam

image

2023 yilning atigi to‘qqiz oyida Rossiya qiymati 450 million yevroni tashkil qiladigan harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan sanksiyalangan tovarlar va texnologiyalarni Yevropa Ittifoqidan olgan. Bundan tashqari, tovarlarning deyarli to‘rtdan bir qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa davlatlaridan kelgan. Bu haqda kecha, 26 fevral kuni savdo oqimlari bo‘yicha ma’lumotlar tahliliga tayanib, “Bloomberg” agentligi xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan keyin Yevropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasida ushbu tovarlar savdosi hajmi kamaygan. Ammo xuddi shu tovarlarning Yevropa davlatlaridan uchinchi mamlakatlarga, u yerdan esa Rossiyaga eksporti keskin oshgan. “Bloomberg” sanksiyalarni chetlab o‘tgan ta’minot bilan shug‘ullanadigan davlatlar orasida Turkiya, BAA, Serbiya va Xitoyni, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armanistonni sanab o‘tgan.

Shuningdek, sanksiyalangan mahsulotlarning bir qismi yevropalik ishlab chiqaruvchilarning xorijiy shu’ba korxonalari tomonidan tayyorlangani va uchinchi davlatlar orqali Rossiyaga eksport qilinayotgani ham aniqlangan.

Qayd etish joizki, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining ikki yilligi arafasida Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar joriy qildi. Xususan, yangi ro‘yxatdan Shimoliy Koreya qurollarini Rossiyaga yetkazib berish bilan bog‘liq 10 ta kompaniya va jismoniy shaxslar ham o‘rin olgan. Ular orasida KXDR Mudofaa vaziri, shuningdek, Belarusdagi Rossiya armiyasiga yordam ko‘rsatayotgan bir qancha kompaniya va jismoniy shaxslar bor.

Bundan tashqari, YeI Kengashi “qora ro‘yxat”ga 27 ta yangi tashkilotni qo‘shdi. Ular orasida to‘rtta Xitoy kompaniyasi hamda Qozog‘iston, Turkiya, Hindiston, Serbiya, Tailand va Shri-Lankadan bittadan kompaniyalar bor.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Sky News” Buyuk Britaniya kompaniyalari Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari orqali Rossiyaga yuzlab million funtlik asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilayotganini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing