Rossiya yana Ukrainaga hujum uyushtirdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
09 avgust 5382 1 daqiqa
Rossiya qo‘shinlari bugun, 9 avgust kuni ertalab Ukraina hududlariga, jumladan, Xarkov va Odessa viloyatlariga raketa hamda dronlar bilan zarba berdi. Hujumlar oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, 29 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xarkovning Saltovskiy tumaniga berilgan raketa zarbasi oqibatida ko‘p qavatli turar joy binosi zarar ko‘rgan. 50 va 66 yoshli ikki erkak halok bo‘lgan. Kamida 21 kishi jarohatlangan. Ularning 11 nafari portlash oqibatida jarohat olgan, ikki kishida is gazidan zaharlanish qayd etilgan. Yana sakkiz kishi, jumladan, 5 yoshli bola kuchli stress holatiga tushgan.
Odessa viloyatiga esa o‘nlab raketa va dronlar bilan hujum qilingan. Hujum oqibatida infratuzilma ob’ektlari va turar joy binolari zarar ko‘rgan. Odessaning ikki tumanida bir nechta uylar shikastlangan va qisman vayron bo‘lgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Odessada sakkiz kishi jarohatlangan. Ulardan yetti nafarining ahvoli o‘rtacha og‘ir. Jabrlanganlarning aksariyati portlash oqibatida sochilgan metall parchalarining tegishi oqibatida jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina kecha, 8 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qator hududlariga, Qrim va Azov dengiziga qariyb 400 ta dron bilan hujum qilgan edi.
Live
Barchasi