Rossiya yana Ukraina hududlariga raketa bilan zarba berdi
Olam
−
16 Oktabr 2022
22917Bugun, 16 oktyabr kuni Ukrainaning deyarli barcha hududlarida havo hujumidan ogohlantirish sirenalari ishga tushdi. Bu haqda mahalliy ma’muriyatlar ma’lum qildi.
“Kiyevda havo hujumidan ogohlantirish e’lon qilindi. Biz barchani zudlik bilan fuqaro muhofazasi boshpanasiga borishlarini so‘raymiz”, deyiladi Kiyev shahar ma’muriyati xabarida.
Odessa, Nikolayev, Poltava, shuningdek, mamlakat g‘arbidagi viloyatlar hokimiyatlari aholini boshpanalarda qolishga chaqirgan.
Bundan tashqari, Ukrainaning Xmelnitskiy shahri meri ham havo hujumidan ogohlantirish haqida xabar bergan.
Rossiya Qurolli Kuchlari hujumlarga izoh berib, Ukrainaning harbiy qo‘mondonlik va boshqaruv ob’ektlariga va energiya tizimiga yuqori aniqlikdagi qurollar bilan zarba berishni davom etayotganini, zarbalarning maqsadlariga erishilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 10 oktyabr kuni Kiyev, Dnepr va Ukrainaning boshqa bir qator shaharlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi. Kiyevda, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarida, jumladan Dnepr viloyati, Odessa va Xarkovda ertalab bir qator portlashlar sodir bo‘ldi.
Hujumlar oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi, 60 ga yaqin odam jarohatlandi. Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan.
LiveBarchasi