Rossiya yana bir mamlakat diplomatlariga chiqish eshiklarini ko‘rsatdi
Olam
−
27 may 2022
11664Moskva Zagrebning nodo‘stona qadamlariga javoban Xorvatiya elchixonasining besh xodimini “persona non grata” (istalmagan shaxs) deb e’lon qildi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“Rossiya diplomatik missiyasi sonini qisqartirish bo‘yicha Zagreb tomonidan qabul qilingan nodo‘stona qadamlarga javoban [Xorvatiya elchisi] Tomislav Sarga Xorvatiyaning Moskvadagi elchixonasining besh nafar xodimi “persona non grata” deb e’lon qilingan nota topshirildi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, Rossiya TIVda Tomislav Sarga “Xorvatiya hukumatining Ukrainadagi urush jinoyatlarida Rossiyani ayblashga asossiz urinishlari va Kiyev rejimiga harbiy yordam ko‘rsatishi munosabati bilan keskin norozilik bildirgan”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni Xorvatiya Rossiya elchixonasining 18 nafar diplomati va 6 nafar ma’muriy xodimini mamlakatdan chiqarib yuborishini e’lon qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova rossiyalik diplomatlarning chiqarib yuborilishini “Rossiyaga qarshi harakat” deb atadi va uning oqibatlari uchun javobgarlik “to‘liq Xorvatiya tomonida” ekanini qo‘shimcha qildi.
LiveBarchasi