Rossiya Yamanga hujum tufayli BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini talab qildi
Olam
−
12 yanvar
8970Rossiya AQSH va Buyuk Britaniyaning Yamanga bergan zarbalari munosabati bilan bugun, 12 yanvar kuni BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni talab qildi. Bu haqda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasi xabar berdi.
Xavfsizlik kengashi majlisi Toshkent vaqti bilan soat 20:00 ga belgilangan.
Bildirilishicha, yig‘ilishda Yaqin Sharqdagi vaziyat, jumladan, Falastin masalasiga hamda AQSH va Buyuk Britaniyaning Yamanga bergan zarbalari muhokama qilinadi.
Yig‘ilishdan so‘ng brifing ham bo‘lib o‘tadi. U Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 12 yanvarga o‘tar kechasi AQSH va Britaniya kuchlari samolyotlar, kemalar va suvosti kemalari yordamida Yamanning Sana, Saada, Hodeyda, Taiz va Damar kabi bir qancha shaharlarida husiylarning nishonlariga zarba bergandi. AQSH Prezidenti Jo Baydenning aytishicha, Yamandagi zarba Qizil dengizdagi “misli ko‘rilmagan husiy hujumlari”ga javob bo‘lgan va mudofaa xarakteriga ega. Amerika ma’muriyati raketalar, uchuvchisiz havo vositalari va husiy radar stansiyalari joylashgan joylarga hujum qilinganini bildirmoqda.
Husiylar esa AQSH va Britaniya qo‘shinlarining Yamanga hujumi G‘arbning G‘azodagi vaziyatdan e’tiborni chalg‘itishga urinishi ekanini da’vo qildi. Ular bu zarbaga qaramay, Qizil dengizdagi Isroil bilan bog‘liq fuqarolik kemalariga hujum qilishda davom etishini bildirdi.
LiveBarchasi