Rossiya vazirining shov-shuvli o‘limi ortida nima yashiringan?
Tahlil
−
08 iyul 20675 4 daqiqa
Rossiyaning sobiq transport vaziri Roman Starovoyt ishdan olingani haqidagi e’londan so‘ng bir necha soat o‘tib o‘lik holda topilgan. Hozirda uning o‘limi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilmoqda. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Tergovchilarning asosiy versiyasi – bu o‘z joniga qasd qilish. Ilk xabarlarga ko‘ra, u Podmoskoveda, Myakinino mahalasidagi uyida joniga qasd qilgan. Keyinroq Tergov qo‘mitasi aniqlik kiritib, uning jasadi Odinsovo tumanidagi Tesla avtomobilida topilganini ma’lum qildi. Ammo “Baza” Telegram-kanaliga ko‘ra, u avtomobildan bir necha metr uzoqdagi butalar orasidan topilgan.

Sobiq vazirning jasadini uning shaxsiy qo‘riqchilari soat 15:00 atrofida topishgan. Uning o‘limini Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov RTVI bilan suhbatda tasdiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘lim “ancha oldin” sodir bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning sobiq transport vaziri Roman Starovoytning o‘lim sanasi hozircha aniq emas. “Baza”ga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilishni 6 iyul kuni kechasi amalga oshirgan bo‘lishi mumkin. “Forbes” manbasi ham aynan shu sanani qayd etgan. “Baza”ning yozishicha, o‘limiga bir necha soat qolganida Starovoyt “qizining musobaqasiga borgan”, u yerda taxminan bir soatdan kamroq bo‘lib, keyin uyiga jo‘nab ketgan.

Shu bilan birga, Rossiya Transport vazirligi 6 iyul kuni Starovoyt Ust-Luga port shahrida ammiak chiqindisi bilan bog‘liq favqulodda holat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazganini ma’lum qilgan.
“Mash” Telegram-kanaliga ko‘ra, u 7 iyul kuni ertalab vazirlikda ishda bo‘lgan, yig‘ilish o‘tkazgan, hamma bilan xayrlashgan va uyiga ketgan.
“Starovoyt oxirgi xabarini o‘z shaxsiy qo‘riqchilariga yuborgan – u qayerda va qaysi vaqtda uni olib ketishlarini bildirgan”, deb yozadi “Mash”.
Ushbu versiyaga ko‘ra, aynan qo‘riqchilar uning jasadini topishgan. Keyinroq “Mash” xabar berishicha, siyosatchi 11:00 atrofida o‘zini o‘ldirgan, va uning jasadini Polina K. ismli qiz do‘sti tanib olgan.

Marhumning jasadi yonida 2023 yili IIV rahbariyati tomonidan sovg‘a qilingan otish quroli topilgan. Ushbu qurol “vaziyatlarni hal etishda ko‘rsatgan yordami” uchun berilishi qayd etilgan.
“Bu buyruqni Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev imzolagan, qurolni esa Kursk viloyati IIV boshqarmasi rahbari Viktor Kosarev topshirgan”, deb yozadi “Mash”.
Vidolashuv og‘ushi
“Baza” manbasiga ko‘ra, Starovoyt oxirgi marta oila a’zolari bilan 5 iyul kuni muloqot qilgan.
“U qizining musobaqasiga tushkun holda kelgan, taxminan bir soatdan kamroq vaqt bo‘lib, uni og‘ushiga olib, jimgina ketgan. Undan so‘ng u hech kim bilan bog‘lanmagan”, deyiladi manbada.
Uning Tesla Model X avtomobili avtoturargohda topilgan. Hozirda mashinani tekshirish ishlari olib borilmoqda.
“Avtomobil 2018 yilda ishlab chiqarilgan. Uning uchun Starovoyt Kursk viloyatidagi ilk elektrozaryad qurilmalaridan birini Qizil maydonda o‘rnatgan”, deb yozadi “Mash”.

Ehtimoliy sabab
Starovoyt o‘z joniga qasd qilishidan avval Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning farmoni bilan ishdan bo‘shatilgan edi. U 2024 yil may oyida Transport vaziri etib tayinlangan va bir yildan ortiq ishlagan.
Iste’fo haqidagi farmon huquqiy ma’lumotlar portalida e’lon qilingan bo‘lib, unda aniq sabab ko‘rsatilmagan. Siyosatshunos Boris Mejuyevning taxmin qilishicha, Kursk viloyatidagi muammolar – xususan, korrupsiya bilan bog‘liq holatlar uning ishdan olinishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Kreml esa uning ishdan olinishi ishonchni yo‘qotishga bog‘liq emasligini ma’lum qilgan.
Starovoyt 2019-2024 yillarda Kursk viloyati gubernatori bo‘lgan. Undan keyin viloyat rahbarligini Aleksey Smirnov vaqtincha bajargan. U 2025 yil aprel oyida Ukraina bilan chegarada qurilgan mudofaa inshootlari uchun ajratilgan 1 milliard rubldan ortiq byudjet mablag‘ini talon-taroj qilishda ayblangan. Hozirda Smirnov va uning o‘rinbosari Aleksey Dedov hibsda.
SHOT Telegram-kanali ma’lum qilishicha, aynan Smirnov Starovoytga qarshi ko‘rsatma bergan va o‘z amaliyotini uning ko‘rsatmasiga asosan amalga oshirganini aytgan.
“Starovoyt 159-moddaning 4-qismi (firibgarlik) va 160-moddaning 4-qismi (tasarruf etish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan taqdirda 20 yilgacha qamalishi mumkin edi”, deyiladi xabarda.
“Mash” ma’lumotiga ko‘ra, Starovoytning 19 milliard rublni mustahkamlanish ishlari uchun sarf qilish haqidagi ruxsatnomasi shubha uyg‘otgan.
“Uning imzosi Kursk viloyatidagi operativ shtab qarorlarida ko‘rinadi. U yerda bosh pudratchi – viloyat rivojlantirish korporatsiyasiga 19 milliard rublni mustaqil ravishda sarf qilish va subpudratchilarni tanlash huquqi berilgan”, deyiladi xabarda.
Ushbu korporatsiya Durnevo qishlog‘ida Starovoyt uchun rezidensiya qurgan. U gubernatorlik paytida o‘sha yerda yashagan. “Baza” ma’lumotlariga ko‘ra, korporatsiyaning sobiq rahbari Vladimir Lukin va deputat Maksim Vasilev ushbu ish bo‘yicha ko‘rsatma bergan va hozirda ular ham tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
Live
Barchasi