O‘zbekiston va Rossiya maxsus kuchlari Termizda shartli terrorchilarni yo‘q qildi (video)
Jamiyat
−
06 avgust 2021
13054Rossiya va O‘zbekiston maxsus kuchlarining harbiy xizmatchilari Afg‘oniston chegarasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar chog‘ida shartli terrorchilar tomonidan bosib olingan aholi punktini ozod qilish bo‘yicha qo‘shma operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya Markaziy harbiy okrugi xabar berdi.
“Termiz poligonida o‘tkazilgan amaliy harakatlar davomida maxsus kuchlar aholi punktini blokirovka qilish, blokirovka qilingan hududdan qochgan shartli terrorchilar guruhlarini ta’qib qilish, ularni yo‘q qilish va aviatsiya zarbalarini yo‘naltirish mashqlari ustida ishladi. Mashqlar paytida BTR-82A zirhli transport vositalari, Mi-35 hujum vertolyotlari va standart kichik qurollardan foydalanildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Termiz poligonida qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning beqarorlashuvi fonida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida qo‘shma mashqlar o‘tkazilmoqda. Ushbu mashqlardan maqsad — Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash va barqarorlikni saqlash uchun mumkin bo‘lgan tahdidlarni qaytarish. Mashg‘ulotlarda Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston qurolli kuchlarining 1,5 mingga yaqin harbiy xizmatchilari ishtirok etmoqda.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi