Rossiya va Ukraina o‘zaro zarbalar almashdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 5 aprel kuni Rossiya va Ukraina o‘zaro zarbalar almashdi. Oqibatda Odessada uch kishi halok bo‘ldi, Novorossiyskda sakkiz kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat rasmiylari xabar berdi. 

Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa 5 aprel kuni ertalabdan beri dronlarning ommaviy hujumi ostida qolmoqda. Novorossiysk, Anapa, Gelenjik, Sochi va boshqa shaharlarda ogohlantirish tizimlari ishlayapti. Kondratev Novorossiyskdagi vaziyatni eng murakkab deb atagan. U yerda sakkiz kishi, jumladan, ikki nafar bola jarohatlangan. Ularning barchasi shifoxonaga yotqizilgan. 

Dronlar hujumi oqibatida shaharda oltita ko‘p kvartirali va ikkita xususiy uyga shikast yetgan. Dron bo‘laklari bir nechta korxonalar hududidan topilgan. Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabining aniqlik kiritishicha, dron parchalari Novorossiyskning Janubiy ichki shahar tumanidagi ko‘p qavatli uyga tekkan.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, 5 aprel Moskva vaqti bilan soat 23:00 dan 6 aprel soat 07:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiyaning to‘rtta mintaqasi uzra 50 ta samolyot tipidagi dronni tutib olgan va yo‘q qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar Belgorod, Bryansk va Rostov viloyatlari, Krasnodar o‘lkasi hamda Azov va Qora dengiz akvatoriyalari uzra urib tushirilgan.

O‘z navbatida, Ukraina rasmiylari Rossiya qo‘shinlari 6 aprelga o‘tar kechasi Odessaga zarba beruvchi dronlar bilan hujum qilganini ma’lum qilgan.

“Dushman turarjoy binolari, muhim infratuzilma ob’ektlari va ma’muriy binolarga zarba berdi. Ko‘p qavatli uyga zarba berilgani qayd etildi”, deydi Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Kuleba.

Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan: 30 yoshli ayol va uning ikki yarim yoshli qizi, shuningdek, yana bir 53 yoshli ayol.

Kiper o‘zining Telegram-kanalida xabar berishicha, 15 kishi turli darajadagi jarohatlar olgan. Jabrlanganlar orasida homilador ayol va ikki nafar bola: 7 oylik o‘g‘il bola va 2 yoshli qizcha bor. 

“Odamlarning bir qismi og‘ir ahvolda. Shifokorlar bolalarning ahvolini o‘rtacha og‘irlikda deb baholamoqda”, deb yozdi u.

Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati shikastlangan turarjoy binosi vayronalari ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan. Idoraning Telegram-kanalida xabar berilishicha, avariya-qutqaruv ishlari davom etmoqda, ularga, jumladan, maxsus o‘rgatilgan itlar bilan kinologlar ham jalb etilgan.

Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlarining ma’lum qilishicha, Rossiya 6 aprelga o‘tar kechasi Ukrainaga 141 ta dron bilan hujum qilgan, mahalliy vaqt bilan soat 08:00 holatiga ko‘ra ulardan 114 tasi urib tushirilgan va yo‘q qilingan. Xabarga ko‘ra, 17 ta nuqtada 26 ta zarba beruvchi dron kelib tushishi, shuningdek, parchalar qulashi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari Dnepropetrovsk viloyatidagi Nikopol shahriga zarba bergandi. Oqibatda besh kishi halok bo‘lgan, yana 19 kishi yaralangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing