Rossiya Ukrainadagi bozorga zarba berdi. 5 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
04 aprel 2553 2 daqiqa
Bugun, 4 aprel kuni Rossiya qo‘shinlari Dnepropetrovsk viloyatidagi Nikopol shahriga zarba berdi. Oqibatda besh kishi halok bo‘ldi, yana 19 kishi yaralandi. Bu haqda Dnepropetrovsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganja o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Dushman FPV-dronlari bilan zarba berdi. Yong‘in kelib chiqdi. Savdo pavilonlari va do‘kon vayron bo‘ldi. Besh kishi – 3 ayol va 2 erkak halok bo‘ldi”, deb yozdi u.
Uning bildirishicha, yaralanganlar orasida 14 yoshli qiz ham bor, u og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
4 aprelga o‘tar kechasi Rossiya Sumi shahriga ham zarba bergan: dron shahar markazidagi 16 qavatli turarjoy binosining 13-qavatiga urilgan. Oqibatda 11 kishi, shu jumladan bir bola jarohatlangan.
Shuningdek, kecha, 3 aprel kuni Kiyev viloyatida Rossiya droni veterinariya klinikasiga tushgan. Oqibatda 20 ga yaqin hayvon nobud bo‘ldi.
Qayd etish joiz, Rossiya muntazam ravishda Ukrainaning fuqarolik ob’ektlariga zarbalar bermoqda. 28 martga o‘tar kechasi Odessada dronlarning ommaviy hujumi oqibatida turarjoy binolari va tug‘ruqxona zarar ko‘rdi, ikki kishi halok bo‘ldi, bir bola bilan birga 11 kishi yaralandi. 14 martga o‘tar kechasi esa Kiyev va viloyatga berilgan zarba to‘rt kishining hayotiga zomin bo‘ldi, mintaqaning yana 15 nafar aholisi jabrlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan bo‘layotgan mojarodagi joriy vaziyat haqida gapirgan edi va Pasxa sulhi borasida yana bir bor fikr bildirib, hozirda Ukraina uchun vaziyat so‘nggi 10 oydagiga qaraganda yaxshiroq rivojlanayotganini aytgan edi.
Live
Barchasi